Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Samarqand-2020” tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining VI xalqaro olimpiadasi o‘tkazildi. Universitet tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur nufuzli musobaqa nafaqat talabalar va yosh tadqiqotchilarning bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazish va ularni munosib taqdirlashga, balki tibbiy ta’limda xalqaro munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
Yuqori saviyada tashkil etilgan olimpiadada yurtimiz hamda Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Janubiy Koreya, Tojikiston, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Belarus kabi o‘ttizdan ortiq davlatlarning oltmishdan ziyod tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalari, shuningdek, rektorlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev hamda bir qator xorijiy tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektorlari oltinchi marta tashkil etilayotgan xalqaro musobaqaning ahamiyati haqida so‘z yuritib, barcha ishtirokchilarga omadlar tiladi.
O‘zbek, rus va ingliz tillarida o‘tkazilgan xalqaro olimpiadaning asosiy qismida ishtirokchilar 43 yo‘nalish bo‘yicha test sinovlari va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etish orqali bellashdilar. Shu bilan bir qatorda talabalar jahon standartlariga javob beruvchi 7-avlod simuliatsion robotlari orqali o‘z amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar. Olimpiada doirasida O‘zbekistonning Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi va xorijiy tibbiyot kollejlarining o‘quvchilari o‘rtasida ham xalqaro olimpiada uyushtirildi.
Shuningdek, talabalar uchun chet ellik va yurtimizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari va boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan mahorat darslari, bakalavr, magistr hamda klinik ordinatorlar uchun rektorlarning ma’ruzalari ham tashkil etildi.
[gallery-26621]
Olimpiada doirasida talabalar uchun startap loyihalari tanlovi, yosh olimlar to‘garaklari hamda turli sport musobaqalari o‘tkazildi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Turkiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Sog‘liq bilimlari universiteti o‘rtasidagi hamkorlik asosida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi doirasida birinchi bosqichda tahsil olayotgan talabalarga “Oq xalat kiydirish marosimi” o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzurida xorijiy tillarni o‘qitishga moslashgan "Til akademiyasi" markazining tantanali ochilish marosimi tashkil etilib, uning faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.
Mazkur markaz dunyo tillarini o‘rganish barobarida tibbiyot xodimlari uchun ushbu tillarda o‘z kasbiy faoliyaini professional tarzda olib borishi uchun imkon yaratadi.
Olimpiadaning yopilish marosimida g‘olib va sovrindorlar, faol ishtirok etgan va nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan ishtirokchilar diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA