Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘lajak shifokorlar qasamyod qabul qildi
14:18 / 2022-09-27

Mamlakatimizdagi yetakchi tibbiyot oliy ta’lim muassasalaridan bo‘lgan Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-bosqich talabalarining tantanali ravishda qasamyod qabul qilishi an’anaga aylangan.

Bu yil ham akademiyaga o‘qishga qabul qilingan 2 ming 300 nafar o‘g‘il-qiz astoydil o‘qib-o‘rganib, shifokorlik kasbini mukammal egallashga va kelgusida xalqimizga vijdonan xizmat qilishga qasamyod qildi.   

“Kinochilar uyi”da o‘tkazilgan "Talabalikka bag‘ishlov" marosimida faxriy ustozlar, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Akademiya rektori Alisher Shodmonov talabalarni o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘lgani bilan qutlab, chuqur bilim egallab, malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishini va xalqimiz salomatligi yo‘lida samarali mehnat qilishini tiladi.   

Muhammadrizo Rasulov bolaligidan shifokor bo‘lishni orzu qilar edi. Uzoq yillardan beri tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rib kelayotgan edi.    

– Mana bugun mehnatlarim samara berdi, menga astoydil bilim bergan ustozlarimning ishonchini oqladim, yuzini yorug‘ qildim, – deydi M.Rasulov. – Bundan keyin ham akademiyada puxta bilim egallab, malakali shifokor bo‘lishga astoydil harakat qilaman. bugungi qabul qilgan qasamyodim bir umr yodimda va qalbimda muhrlanib qoladi.   

Ma’lumot uchun, o‘quv yurtining bakalavriat bosqichida davolash, tibbiy-pedagogika, tibbiy-profilaktika, tibbiy-biologiya, harbiy-tibbiy va oliy hamshiralik ishi kabi fakultetlarida 9 ming nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, magistratura bosqichida 49 ta yo‘nalish bo‘yicha, tor doiradagi mutaxassis shifokorlarni tayyorlash klinik ordinaturaning 38 ta yo‘nalishida amalga oshirilmoqda.  
 
 

M.Qosimova,  
O‘zA