French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘lajak shifokorlar qasamyod qabul qildi
10:16 / 2022-09-08

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining 1-bosqich talabalari alloma tug‘ilib o‘sgan Peshku tumanidagi Afshona qishlog‘ida buyuk tabib haykali poyida qasamyod qabul qildi.

Tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda ularning ota-onalari, Peshku tumani hokimligi mas’ullari, shuningdek, shu kunlarda Buxoro viloyatida o‘tkazilayotgan “Birinchi O‘zbekiston – Isroil akademik forumi”da ishtirok etayotgan isroillik olimlar, rektorlar ishtirok etdi.

Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayevning ta’kidlashicha, joriy o‘quv yilida institutga 1100 nafarga yaqin bo‘lajak shifokorlar o‘qishga qabul qilingan. Ular kasbiga sadoqatli bo‘lish, har qanday sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatishga, o‘z manfaatiga berilmaslik uchun bor kuch va g‘ayratini sarflashga, halol bo‘lishga qasamyod qildi.

Abu Ali ibn Sino yodgorlik poyiga gullar qo‘yib, hurmat bajo keltirildi. Talabalar ishtirokida fikrlar va ishlar pokligi, yuksak ishonch va ajralmas najot ramzi sifatida oq xalat kiyish ramziy marosimi o‘tkazildi.

[gallery-8690]

Ayni kunda institutda talaba-yoshlarning puxta bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Buxoro shahridagi tibbiyot muassasalari va tumanlarda klinik bazalar tashkil etilgan. Joriy o‘quv yilida ishga tushishi mo‘ljallangan yangi kampusda zamonaviy simulyatsion markaz tashkil qilindi. Institutda barcha kurslarida ayrim mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

So‘nggi uch yil mobaynida xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy ta’lim muassasalari va kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolangan. Rossiya, Hindiston, Xitoy, Polsha, Italiya kabi davlatlarning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilib, talabalar o‘qishga qabul qilinmoqda.

Ta’kidlash joizki, bu yil Buxoro davlat tibbiyot instituti O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari milliy reytingida o‘tgan yilga nisbatan 2 pog‘onaga ko‘tarilib, 10-o‘rinni egalladi.

Tadbir doirasida Abu Ali ibn Sino muzeyiga sayohat ham tashkil etildi.



Zarif Komilov, O‘zA