Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘lajak olimlar orqali ishonchli va samarali dorilar yaratish mumkin
18:36 / 2026-02-04

Motivatsiya!

Farmatsevtika sohasida sifat va xavfsizlik  muhim ahamiyatga ega. Har bir dori vositasi bemorning sog‘lig‘i uchun ishlab chiqiladi, shu bois, uning xavfsizligi va samaradorligi eng yuqori standartlar asosida ta’minlanishi shart. Jahon standartlari asosida yaratilgan dorilar nafaqat davolashda samara beradi, balki aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashda  asosiy vosita hisoblanadi. Bitta samarali dori vositasini yaratish uchun yuzlab mutaxassisning mehnati va ko‘plab davlatlarning tajribasi talab etiladi.

Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining yosh olimasi Maftuna Parmonova — milliy tibbiyotni rivojlantirish uchun dunyodagi eng ilg‘or tajribalarni birlashtirayotgan yangi avlod tadqiqotchilarining yorqin vakili.

Maftunaning ilmiy yo‘li Buyuk Britaniyaning Lester shahridagi  “De Montfort”  universitetida xalqaro sifat standartlarini chuqur o‘rganishdan boshlandi.  

Mazkur universitet farmatsevtika sohasida 100 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, Buyuk Britaniyadagi yetakchi innovatsion markazlardan biri hisoblanadi. Universitet  laboratoriyalarida professor Robert Edvard rahbarligida diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun “sun’iy oshqozon osti bezi” konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, universitet  yetakchi tadqiqot markazi sifatida dori vositalarini teri orqali yetkazish usullarini rivojlantirgan.

O‘qish jarayonida Maftuna “Sifatni loyihalash orqali ta’minlash” zamonaviy konsepsiyasini faol tarzda o‘zlashtirdi. Bu falsafaga ko‘ra, dori sifati tayyor bo‘lganda tekshirilmaydi, balki uning tarkibi va ishlab chiqarish jarayonida ham “sifat kodi” kiritiladi. Maftuna ishlab chiqarishdagi xatolarni oldindan prognoz qilish va ularning oldini olish usullarini o‘rgandi.

Xitoy farmatsevtikada   avtomatlashtirish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi. Ushbu tajriba O‘zbekistonda korxonalarni modernizatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘tgan 2025 yilda  Maftuna ta’lim olishni Xitoyda davom ettirdi. Xitoyda farmatsevtika texnologiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha seminarlar unga ilm-fanning sanoatga qanday aylanishini ko‘rish imkonini berdi. Maftuna yuqori texnologiyali ishlab chiqarish bazalarida sifatni real vaqt rejimida nazorat qilish tizimlarini o‘rgandi.

Xitoydan keyingi manzil Koreya bo‘ldi. Qahramonimiz ilmiy faoliyatini Seul va Osong shaharlarida olib bordi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magida mRNK vaksinalarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy kursda ishtirok etdi. Vaksina dizaynidan tortib, uni xavfsiz hujayraga yetkazish uchun lipid nano zarrachalariga joylashtirish jarayonigacha bo‘lgan barcha bosqichlarni o‘rgandi.

Yosh olima kelgusida  Vengriyada malaka oshirishni rejalashtirmoqda. Ushbu davlat o‘zining klassik farmatsevtika maktabi bilan mashhur bo‘lib, Maftuna uchun Yevropalik hamkasblari bilan hamkorlik qilish va O‘zbekistonga yangi tadqiqot metodologiyalarini olib kelish imkonini yaratadi.

Maftuna  shunchaki olima emas, balki innovatsiyalarni joriy qiluvchi yetakchi mutaxassis hisoblanadi. U Britaniyaning sifat sohasidagi, Xitoyning texnologiya va Janubiy Koreyaning biotexnologiya sohasidagi tajribasini birlashtirmoqda.

– Jahon standartlari asosida yaratilgan dorilar bemorlar uchun eng yuqori sifat va xavfsizlikni ta’minlaydi, ular samarali davolash va sog‘liqni mustahkamlashda asosiy ahamiyatga ega, – deydi Maftuna. – Men har bir bemor jahon standartlari asosida yaratilgan dori vositalaridan foydalanishlarini va  kutilgan natijalarga erishishlarini istayman. Buning uchun bor bilim va malakamni ishga solishga tayyorman.

Ilmli yoshlar — mamlakatning kelajagi va islohotlarning mustahkam tayanchi. Ular tinim bilmay o‘rganish, izlanish va yangilikka intilish orqali ilmiy va texnologiyaviy taraqqiyotni ta’minlaydi.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA