Har bir sohaga kirib keladigan yangi kuch, yosh kadrlar – bu talabalardir. Qaysi soha olg‘a intilishni istasa, kadrlar potensialini kuchaytirishni reja qilgan bo‘lsa, o‘z yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga befarq bo‘lmasligi kerak.
Shu ma’noda O‘zbekiston Notarial palatasi Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari bilan uchrashib, ular bilan notariat tizimidagi o‘zgarishlar, sohada mehnat qilishning mas’uliyatli va sharafli tomonlari bo‘yicha ma’lumot berdi.
Zotan, sohaning ertangi kuni, notariatni yangi bosqichga olib chiqishga qodir kuch, albatta, bo‘lajak yuristlar. Shu ma’noda bu ochiq muloqotni bemalol bo‘lajak notariuslar bilan uchrashuv, deyish mumkin. Shuning uchun ham Toshkent davlat yuridik universiteti va O‘zbekiston Notarial palatasi hamkorlikda o‘tkazayotgan bunday tadbirlarga “Bo‘lajak notariuslar klubi” deb nom berilgan.
Notarial palata raisi Dilshod Ashurovning yoshlar bilan bu galgi uchrashuvi palataning qisqa vaqt ichida erishgan yutuqlari, bugungi kundagi dolzarb notarial harakatlar, notariat to‘g‘risidagi qonunchilikka kiritilgan yangiliklar haqida bo‘ldi.

Davlat notariuslari bilan xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyati haqida va ularning o‘rtasidagi tafovut haqida ham ma’lumot berildi.
Aytib o‘tish kerakki, “Bo‘lajak notariuslar klubi”ga o‘tgan yilda 300 ortiq talaba a’zo bo‘lgan. Mazkur klubga a’zolik davrida ular notariat sohasida olgan nazariy bilimlarini amaliyot bilan chambarchas holda o‘rgangan. Klub a’zolarining ko‘pchiligi o‘qishni tugatgach notariat sohasiga ishga kirgan.
Tadbirda, shuningdek, Toshkent shahar hududiy notarial palatasi boshlig‘i Bahodir Zoirov ham hozirgi kundagi notarial harakatlar hamda notariuslarning faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi.
Tadbirda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Talabalar notariuslarga yordamchi bo‘lib ishlash, notarial harakatlarni elektron tizimda amalga oshirishni o‘rganib borishni talabalik davridan boshlash borasida o‘z takliflarini bildirdi.
Klubni tashkil qilishdan maqsad ham notarius kasbiga salohiyatli yoshlarni jalb qilib, ularning bu sohaga qiziqishini oshirish va tajriba orttirib borishiga ko‘maklashish ekani qayd etilib, ularni amaliyotga kengroq jalb qilishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA