Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘lajak diplomatlar italyan tili bayramini nishonladi
18:10 / 2022-04-26

Ma’lumotlarga qaraganda, italyanlar boshqa Yevropa xalqlaridan birmuncha farqli millat. An’analarini hurmat qiladi, oilaga e’tiborli, ota-ona, buvilaridan muntazam xabar oladi, doim uyda ovqatlanadi, sayilgohga, dam olish joylariga farzandlari bilan birga borishni xush ko‘radi. Qisqasi, italyanlar bolajon, oilaparvar.

Tabiiyki, bu an’analar bizga ham begona emas. Umuman, italyan va o‘zbek xalqlari o‘rtasida o‘xshash jihatlar talay.

O‘zbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda izchil aloqa o‘rnatilgan. Jumladan, ta’lim sohasidagi hamkorlik yil sayin mustahkamlanmoqda. Yurtimizdagi ko‘plab oliy ta’lim dargohlarida italyan tili chuqur o‘rgatiladi. Shu yo‘nalishdagi tajribani oshirishi maqsadida o‘qituvchilarning Italiyada amaliyot o‘tashi uchun imkoniyat yaratilmoqda.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida italyan tili ikkinchi til sifatida o‘qitiladi. Birinchi bosqich talabalari ingliz va rus tilini o‘rganadi. Ikkinchi bosqichga o‘tgach, ikkinchi tilni tanlash imkoni beriladi. Hozir ushbu ta’lim maskanida Sharq, Roman-German turkumidagi o‘ndan ziyod xorijiy til o‘rgatiladi.

Oliygohda xorijiy til bayramlarini o‘tkazish ham yaxshi an’anaga aylangan. Mazkur aanjumanlar talabalarga ikkinchi tilni tanlashda yordam beradi. Zero, til bayramlarida muayyan xorijiy mamlakatning urf odati, tarixi, madaniyati haqida batafsil ma’lumot beriladi.

Universitetda o‘tkazilgan “Italyan til bayrami” kunida talaba-yoshlar Italiyaning san’ati, tarixi, adabiyoti haqida anchagina ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Tadbirda Italiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostina Pinna va elchixona vakillari ham ishtirok etdi.

Bayram tadbirida betakror tarixiy-madaniy merosga ega ushbu davlat ayni vaqtda salmoqli iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va intellektual salohiyatga ega yirik sanoat markazi ekani ham e’tirof qilindi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniyat, fan va ta’lim sohasidagi ikki tomonlama aloqa ko‘lami kengayib bormoqda. Bo‘lajak diplomatlar kelgusida O‘zbekiston - Italiya hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadigan yetuk kadrlar bo‘lib yetishishi uchun italyan tilini puxta egallashlari lozimligi qayd etildi.

Talabalar ijrosida italyan tilida operalar, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ayniqsa, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabalari ijrosi barchaga manzur bo‘ldi.

Tadbir so‘ngida elchi Agostina Pinna talabalarni bayram bilan tabriklab, italyan tili o‘qituvchilariga minnatdorlik bildirdi.

Kelgusida o‘qituvchilar Italiyada tajriba almashishi masalasi kelishib olindi.

G.Sattorova, O‘zA