Bo‘lajak chempionlarga antidoping haqida tushuncha berildi
Poytaxtimizda joylashgan Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida antidoping qoidalariga bag‘ishlangan seminarda bo‘lajak chempionlarning dopingga qarshi kurashish, dori vositalaridan foydalanish tartibi borasidagi bilimlari oshirildi.
Sportchi-o‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilgan seminar treningda antidoping qoidabuzarlik turlari, ularning salbiy oqibatlari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Savol-javoblarga boy kechgan tadbir davomida yosh sportchilarning tegishli platformalardan foydalanish tartibi yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Shu asosda yosh atletlarning bilim ko‘nikmasi ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ko‘rik natijasiga ko‘ra, 72 nafar sportchi yoshlar sertifikat olishga muvaffaq bo‘ldi.
Seminar yakunida mazkur sertifikat yosh sportchilar uchun respublika chempionatlari va kuboklarida ishtirok etishiga kerakli zamin yaratishi bilan muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA