Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘lajak chempionlar maskani
18:45 / 2025-07-22

Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi tashabbusi bilan Yangiyer shahar sport maktabiga markaziy va hududiy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist hamda blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, bo‘lg‘usi chempionlarni tarbiyalash, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida sport maktabida yaratilgan sharoitlar, yosh sportchilarning tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi. 2024-2025 o‘quv yilida amalga oshirilayotgan ishlar, 1118 nafar sportchi qamrab olingan 19 turdagi mashg‘ulot guruhlari, murabbiylar tarkibi va ularning malakasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Yangiyer sport maktabida 52 nafar ishchi va xizmatchi mehnat qiladi, – deydi maktab direktori Jahongir O‘rinboyev. – Ulardan 19 nafari oliy ma’lumotli, 5 nafari – oliy toifali, 28 nafari esa turli toifadagi murabbiylar. 2025 yil 30 may holatiga ko‘ra, maktabda 2 nafar sport ustasi, 30 nafar sport ustasiga nomzod, 224 nafar ommaviy razryadli sportchi qayd etilgan. Mashg‘ulotlar 19 turdagi sport yo‘nalishlarida olib boriladi.

Futbol, voleybol, akademik eshkak eshish, qilichbozlik, shaxmat va para shaxmat mashg‘ulotlari sport maktabida, qolganlari esa shahar umumta’lim maktablari va boshqa sport inshootlarida o‘tkazilmoqda.

Press-tur ishtirokchilari ochiq suzish havzasi, sun’iy qoplamali futbol maydoni va sport zalidagi mavjud sharoitlar hamda rekonstruksiya qilinayotgan yopiq basseyn bilan tanishdi. Jurnalistlarga mashg‘ulot jarayonlari namoyish etildi, o‘quvchilar va murabbiylar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Tadbirda ta’kidlanganidek, sport maktabi yoshlarni jismonan barkamol, intizomli va maqsadli etib tarbiyalash, milliy va olimpiya sport turlarini ommalashtirishda muhim o‘rin tutadi. Joriy yilning birinchi yarmida 50 dan ziyod sport musobaqalari va ommaviy sport tadbirlari tashkil etilgan. 

Yangiyer sport maktabi shaharda sog‘lom turmush tarzi, ommaviy sport va yoshlar sport salohiyatini rivojlantirishda muhim tayanch maskan hisoblanadi. Shu bois, sport maktabini qayta rekonstruksiya qilish, xususan, akademik eshkak eshish sport turi uchun munosib sharoitlar yaratish maqsadida Sirdaryo viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi” xizmati davlat unitar korxonasi buyurtmasiga asosan yangi loyiha ishlab chiqilgan. Hozirda qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Umumiy qiymati 8 milliard 576 million so‘m bo‘lgan mazkur loyihani “ART Kapital” qurilish tashkiloti amalga oshirmoqda.

Jurnalistlar sport maktabi faoliyatini keng yoritishda hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri