Nukus temiryo‘l vokzalida Samarqand, Navoiy Farg‘ona, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlaridan harbiy xizmatga chaqirilgan mard o‘g‘lonlar Qoraqalpoq zaminida harbiy orkestr sadolari ostida tantanali kutib olindi.
Milliy armiyamiz saflarini azamat yigitlar bilan to‘ldirish maqsadida tashkil etilgan marosimda Mudofaa ishlari boshqarmasi mas’ullari, DXX Chegara qo‘shinlari ofitserlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga, shu jumladan, milliy armiyamizning jangovar salohiyati oshayotgani va askarlar uchun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar haqida alohida to‘xtaldilar.

Ta’kidlanganidek, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash nafaqat vazifa, balki har bir yigit uchun muqaddas burchidir. Shuning uchun ham harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib bormoqda.
Tantanali kutib olish marosimidan so‘ng yosh posbonlar Nukus shahrida joylashgan harbiy qismlarga kuzatildi. Bu yerda ular harbiy bilimlarni egallab, jismoniy va ma’naviy chiniqish maktabini o‘taydi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.