Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bolaga ta’limni ustoz, tarbiyani ota-ona beradi
12:18 / 2022-09-27

Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq. Buyuk yunon olimi Aristotelning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, degan so‘zlari bor.

Qarang, bu fikrlar miloddan avval aytilgan. Demak, insoniyat ongli hayot kechira boshlagan davrdan buyon ta’lim va tarbiya masalasi, doimo dolzarb ahamiyat kasb etib kelmoqda. 

Bir o‘ylab ko‘raylik, dunyodagi rivojlangan davlatlar qanday qilib yuksak taraqqiyot va turmush farovonligiga erishmoqda? Eng avvalo, ilm-fan va ta’limga qaratilgan ulkan e’tibor tufayli emasmi? Shuning uchun ham keyingi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi O‘zbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda. 

Bu borada o‘nlab muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilingani va aynan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun ushbu soha taraqqiyotida, hech shubhasiz, yangi ufqlarni ochib beradi. Qonunga muvofiq, ta’lim olishning masofaviy, inklyuziv shakllari joriy qilindi. Ta’lim tashkilotlariga xorijiy muassasalar bilan qo‘shma fakultet va o‘quv markazlari tashkil qilishga ruxsat etildi. Shuningdek, o‘qituvchilarga mualliflik dasturi va o‘qitish uslublarini joriy etish, zamonaviy pedagogik shakllar, o‘qitish va tarbiya usullarini erkin tanlash huquqi berildi. 

Biz keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqida gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak. 

Tarixga nazar solsak, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lganini ko‘ramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho me’moriy obidalar, nodir va noyob qo‘lyozmalar, turli osori atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi. 

Donishmand xalqimiz har ikki Renessans davrida jahonning eng ilg‘or, taraqqiy etgan xalqlari qatorida bo‘lgani barchamizga ulkan g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi. 

Tan olish kerakki, biz ana shunday bebaho merosga ko‘pincha faqat tarixiy yodgorlikka qaraganday munosabatda bo‘lib kelmoqdamiz. Bunday tengsiz boylikni amaliy hayotimizga tatbiq etishda beparvolik va e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ymoqdamiz. Vaholanki, bunday noyob meros kamdan-kam xalqlarga nasib etgan. Birgina Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanayotgan 100 mingdan ortiq nodir va noyob qo‘lyozmalarga dunyo ahli havas qiladi. Biz bu haqiqatni har tomonlama teran anglashimiz zarur. 

Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim. 
Avvalambor, milliy ta’lim tizimini ana shunday ruh bilan sug‘orishimiz kerak. Buning uchun olim va mutaxassislarimiz, hurmatli ulamolarimiz bu ma’naviy xazinani bugungi avlodlarga sodda va tushunarli, jozibali shakllarda yetkazib berishlari zarur. 

Mamlakatimizda Uchinchi Renessansni yigirmanchi asrda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oshirishlari mumkin edi. Nega deganda, bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrini milliy uyg‘onish g‘oyasiga bag‘ishlab, o‘lkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni g‘aflat botqog‘idan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi. Shu yo‘lda ular o‘zlarining aziz jonlarini ham qurbon qildi. Ular “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas” degan hadisi sharifni hayotiy e’tiqod deb bildi. Milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, avvalo, ma’rifat orqali, dunyoviy va diniy bilim, zamonaviy ilm-hunarlarni chuqur egallash orqali erishish mumkin, deb hisobladilar. 

Ming afsuski, jadid bobolarimiz o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlarni amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yo‘l bermadi. Ma’rifat fidoyilari o‘sha davrning turli johil kimsalarining tuhmat malomatlariga duchor bo‘ldilar. Avval chor hukumati, keyinchalik sovet hukumati ularni ayovsiz quvg‘in va qatag‘on qildi. Shu tariqa milliy uyg‘onish va taraqqiyot harakati el-yurtimiz uchun armon bo‘lib qoldi. 

Vatanimiz ozodligi va xalqimiz baxt-saodati yo‘lida jonini fido qilgan jadidlarning ilmiy-ma’rifiy, adabiy-badiiy merosi biz uchun bugun ham beqiyos ahamiyatga ega. Bugun shu kabi ajdodlarning avlodlari har sohada o‘z iqtidorlarini namoyon qilib kelmoqda. 

Birgina “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan Respublika miqyosida yoshlar yo‘nalishida tashkil etilgan turli tanlovlarda tashabbuskorlik ko‘rsatib, davlatimiz rahbari tomonidan berilayotgan e’tiborga labbay deb javob berayotgan iqtidor egalari o‘z salohiyati, kreativ tashabbuslari bilan namuna bo‘lib kelmoqda. 

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik  partiyasi  hamda respublika bolalar va o‘smirlar nashrlari (“Tong yulduzi”, “Klass”, “Bolalar sporti” gazetalari, “G‘uncha”, Gulxan” jurnallari) hamkorligida maktab o‘quvchilari o‘rtasida joriy yilning 25 maydan 31 iyuliga qadar “Yozgi ta’til – “Milliy tiklanish” bilan!” loyihasi doirasida milliy insholar tanlovini e’lon qilingan edi.  

Loyiha maktab o‘quvchilarida Vatanga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarga hurmat tuyg‘usini oshirish, ularda jamiyatdagi o‘zgarishlarga nisbatan mustaqil fikr va fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularning siyosiy-huquqiy bilimlarini boyitish, yozma nutqini rivojlantirish, shuningdek, yozgi ta’til kunlarini mazmunli o‘tkazishlariga hissa qo‘shish maqsadiga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Yozgi ta’til – “Milliy tiklanish” bilan!” loyihasi doirasida viloyatimizdagi to‘qqiz nafar maktab o‘quvchilari Respublika miqyosida yuqori natijalarga erishdi. 

Albatta, bu natijalar kelgusida Uchinchi Renessansni qurishda muhim poydevor bo‘lishiga ishonamiz. Yoshlar kelajagimiz. Ularga ta’lim berayotgan ilm ahli vakillari doimo e’zoz va e’tiborimizda. 

Maqsud Muhammedov,  
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi  
Buxoro viloyati Kengashi raisi,  
viloyat kengashi deputatlik guruhi rahbari.  
O‘zA