HUQUQIY MUNOSABAT
Mehnat kodeksinning 234-moddasiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi.
Xo‘sh, bu paytda bola parvarishidagi ayol uyda ishlashi mumkinmi? Shunday bo‘lsa, nafaqa to‘lovi qanday amalga oshiriladi? Ushbu savolga Toshkent davlat yuridik universiteti xodimi, huquqshunos Muhriddin Shamsiddinov javob berdi.
– Ayol o‘z xohishiga ko‘ra, bolani parvarishlash ta’tili davrida to‘liq bo‘lmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlashi mumkin. Bunda uning nafaqa olish huquqlari saqlanib qoladi. Demak, ayollar bolani parvarishlash ta’tili davrida ish beruvchini ogohlantirib, istalgan vaqtda ishga chiqsa bo‘ladi.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 234-moddasi 5-qismiga ko‘ra bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan olti yil, shu jumladan, mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.
Demak, bu holatdagi ayolga agarda ish beruvchi ishga chiqa olmaysan, ta’til vaqtida ishga chiqish mumkin emas, ish haqi to‘lanmaydi, o‘rniga xodim olingan kabi noqonuniy vajlarni keltirsa, yuqoridagi asosni unga ko‘rsatish joiz.
Agar shunda ham tan olmasa, unda hech ikkilanmasdan tuman adliya bo‘limiga murojaat qilish lozim. Ish beruvchi bunday holatda ma’muriy javobgarlikka tortiladi va jarima to‘laydi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA