Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki tomonlama o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish, bolaning huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasiga oid ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Jumladan, memorandum doirasida bola huquqlariga oid yangi bilimlar shakllantiriladi va universitet ta’lim jarayoniga tatbiq etiladi.

Tahliliy faoliyat olib boriladi va yangi ilmiy tadqiqotlar bazasi yaratiladi. Talabalarni Bolalar ombudsmani amaliyotiga o‘quv maqsadida jalb qilish orqali real keyslar asosida ularda amaliy tajriba shakllantiriladi. Yuridik klinika negizida amaliy treninglar tashkil qilish orqali bola huquqlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi.
Universitet negizida "Bolalar ombudsmani klubi" tashkil etiladi. Bola huquqlariga oid tahliliy, o‘quv va uslubiy adabiyotlar tayyorlash, chop etish kabi amaliy masalalarda o‘zaro hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.
Bunday hamkorlik bola huquqlarini ishonchli himoyalashga qodir malakali kadrlar tayyorlashga, jamiyatimizda bolalar manfaatlari himoyasi kuchaytirilishiga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA