Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish: milliy va xalqaro amaliyot” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda universitet rahbariyati, maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar mavzuga oid dolzarb taqdimotlari bilan qatnashdi. Tadbir davomida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi normalarining ahamiyati xususida tushunchalar berildi.


Shuningdek, bola huquqlariga oid O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchilik normalari chuqur tahlil qilindi va sud amaliyoti misolida tushuntirildi. Bu esa ishtirokchilarga nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan bog‘lash imkonini berdi.


Seminar ishtirokchilari, xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari o‘z fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etib, mavzu doirasida qizg‘in bahs-munozaralar olib bordi. Munozaralar natijasida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning milliy va xalqaro amaliyotidagi eng dolzarb masalalar yuzasidan foydali takliflar shakllantirildi.
Tadbir yakunida bola huquqlarini ta’minlash, zo‘ravonlikning oldini olish va jabrlangan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga doir qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA