“O‘zbekiston fan va madaniyati kunlari” doirasida Ozarbayjon xalqaro mug‘om markazida “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, tadbirda davlat va jamoat arboblari, ozarbayjonlik va o‘zbekistonlik ijodkorlar qatnashdi.
Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Akmal Saidov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majid ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
“Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasi jami turkiy tilli davlatlar adabiyotida munosib o‘ringa ega 1 100 nafar muallifni qamrab olgan. Majmuada 133 nafar mashhur shoir va adibga alohida jild ajratildi. Shundan 88 nafar ijodkorning asarlari o‘ziga zamondosh, uslubi va yo‘nalishi jihatidan hamohang bo‘lgan boshqa adib va shoir bilan bitta jildga kiritildi. Yakka o‘ziga alohida jild ajratilgan ijodkorlar soni 45 nafar bo‘ldi.
Tadbirda Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anar Rzayev, O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin A’zam, Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi o‘rinbosari, shoir Salim Babulla o‘g‘li, O‘zbekiston Respublikasi Senati a’zosi, xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, ozarbayjonlik adabiyotshunos olim Almaz Ulvi va boshqalar so‘zga chiqdi.
– Men O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uch jihatini hurmat qilaman, yaxshi ko‘raman, – dedi Anar Rzayev. – Birinchisi, u turkiy dunyoni, turkiy mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtirdi. Ikkinchisi, adabiyotga juda katta e’tibor bermoqda. Uchinchisi, u ozarbayjon xalqining do‘sti.
Anar muallimning mana shu gaplari “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasiga ham berilgan katta baho bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
“Umumturkiy adabiyot namunalari” deb nomlanuvchi dastlabki 5 jilddan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” va Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, Ahmad Yassaviy va Sulaymon Boqirg‘oniyning “Hikmatlar”i hamda Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy” asarlari o‘rin olgan. Jami 28 jildni tashkil etgan “O‘zbek adabiyoti namunalari” Alisher Navoiyning “Saylanma g‘azallari” bilan boshlanib, “O‘zbek zamonaviy nasri antologiyasi” bilan yakunlanadi.
Ushbu 100 jildlik asarlar majmuasini tayyorlashda 200 dan ziyod tarjimon qatnashdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan yana 50 ga yaqin adabiyotshunos va matnshunos olim, adib, muharrir va rassom nashrga tayyorlash, chop etish ishlariga keng jalb etildi. Masalan, qirg‘iz adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga o‘girishda Qirg‘izistonda istiqomat qilayotgan 25 nafar o‘zbek shoir va adibi, Qozog‘istonda yashayotgan 10 dan ortiq ijodkor, Turkmanistondan 3 nafar ijodkor ishtirok etdi. Majmuani nashrga tayyorlashda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo bo‘lgan qardosh mamlakatlar fuqarolari yaqindan yordam berdi. Masalan, ozarbayjonlik tarjimon Ramiz Asqar, qirg‘izistonlik ijodkorlar Avliyoxon Eshon, Begijon Ahmedovning ishtiroki samarali bo‘ldi.
Tadbirda taniqli san’atkorlar Ramiz Usmonov, Ozoda Nursaidova, Mohichehra Shomurodovaning qo‘shiqlari davraga yanada zavq ulashdi.
N.Usmonova, O‘zA