Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bokuda O‘zbekiston madaniyati kunlari boshlandi
11:54 / 2025-12-16

Musiqa, raqs va madaniy meros – O‘zbekiston va Ozarbajon birdamligi ramzi bo‘ldi.  Ikki qardosh  xalq o‘rtasidagi  do‘stlik va hamkorlik  munosabatlarini  yanada mustahkamlash maqsadida Boku shahrida  keng ko‘lamli loyiha – O‘zbekiston madaniyati kunlarining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘in O‘zbekiston va Ozarbayjon madaniyat vazirliklari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, san’at ustalari ishtirokidagi dastur hamda  fotoko‘rgazmani o‘z ichiga oladi. 

Tadbirning tantanali ochilish marosimida 170 nafardan ortiq delegatsiyamiz a’zolari, jumladan, O‘zbekiston xalq artistlari, xizmat ko‘rsatgan san’atkorlar,  davlat simfonik  orkestri, maqom ansambli, “Navro‘z” raqs jamoasi vakillari ishtirok etmoqda. 

–  Bokuda bizni  iliq kutib olishdi va o‘ylaymanki, dasturimiz ozarbayjonliklarga manzur bo‘ladi, -dedi O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari  Bahodir Ahmedov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. – Bunday tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi  do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashda alohida o‘rin tutadi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatlarimiz yetakchilari o‘rtasidagi munosabatlar  ko‘plab sohalar, jumladan,  madaniyat sohasiga ham  ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Har yili Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, O‘zbekistonda esa Ozarbayjon  madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. 

– Ushbu madaniy tadbir ko‘plab sonli mehmonlarning e’tiborini jalb qilishiga ishonchimiz komil, -deydi Ozarbayjon madaniyat vaziri o‘rinbosari Farid Jafarov. – Qayd etish kerak, ikki o‘lka mushtarak  madaniy merosimiz va qadriyatlarimizni faol va yuksak darajada  targ‘ib etmoqda. 

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Akif Mariflining so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar xalq diplomatiyasiga asoslangan bo‘lib, u insonlarni birlashtirayotgan o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. 

 – Biz Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy ruhidagi mumtoz adabiyot an’analari asosida shakllangan buyuk sivilizatsiya asoschilari vorislarimiz, -dedi u. – Quvonarlisi, bugun prezidentlar Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan mamlakatlar o‘rtasidagi  munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Madaniyat markazimizning vazifasi - ushbu madaniy merosni takomillashtirib,  O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati, Ozarbayjonda o‘zbek madaniyatini targ‘ib qilishdan iborat. 

Ushbu tadbirlar doirasida ikki qardosh o‘lkaning madaniyat bo‘yicha qo‘shma komissiyasi birinchi  yig‘ilishi, Ozarbaydjondagi madaniy muassasalarga tashrif va  Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi  rahbari bilan  uchrashuv o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Anjumanning yopilish marosimi Fuzuliy shahridagi  Mirzo Ulug‘bek nomidagi  umumta’lim maktabida  o‘tkaziladi. 

Aziza Alimova, O‘zA

Boku, Ozarbayjon