French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boku davlat universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
19:02 / 2021-05-20

Toshkent davlat yuridik universiteti va Ozarbayjon Respublikasining Boku davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Hakimov, Boku davlat universiteti rektori Elchin Babayev va oliy ta’lim muassasalarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Marosim avvalida ikki universitet rektorlari o‘z oliy ta’lim muassasalaridagi ta’lim jarayoni, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, xalqaro hamkorlik aloqalari xususida ma’lumot berdi.

1919 yilda tashkil etilgan Boku davlat universiteti bugungi kunda 17 ta yo‘nalish bo‘yicha bakalavr, magistrant va doktorantlarni tayyorlaydi. Hozirgi kunda universitet qoshida 37 ta tabiiy va ijtimoiy fanlarga ixtisoslashgan ilmiy markaz va laboratoriyalar faoliyat olib boradi. Yevrosiyo universitetlari assotsiatsiyasi, Kaspiy dengizi davlatlari universitetlari assotsiatsiyasi, Qora dengiz universitetlari tarmog‘i, Yevropa universitetlari assotsiatsiyasi va boshqa tashkilotlarning a’zosi hisoblanadi.

ZOOM platformasi orqali o‘tkazilgan tadbirda mazkur memorandumning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, universitetlar o‘rtasida ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida imzolangan mazkur hujjat mamlakatimizda yuridik ta’lim va fanni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam hisoblanadi. 

Ushbu memorandum talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik almashinuv hamda bakalavriat va magistratura darajasida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, tomonlarning xalqaro aloqalarini kengaytirishga ko‘maklashish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro grantlar, konferensiya va tanlovlarda ishtirok etish va ilmiy maqola va adabiyotlarni hamkorlikda chop etish imkonini yanada kengaytiradi.

Muhtarama Komilova, O‘zA