Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bokschilarimizning muhim g‘alabasi
21:40 / 2017-04-01

Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida boks bo‘yicha nufuzli turnir – Butunjahon boks seriyasi (WSV) VII mavsumining navbatdagi turida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan “Uzbek Tigers” jamoasi Qozog‘istonning “Astana Arlans” jamoasi bilan kuch sinashdi.

Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida boks bo‘yicha nufuzli turnir – Butunjahon boks seriyasi (WSV) VII mavsumining navbatdagi turida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan “Uzbek Tigers” jamoasi Qozog‘istonning “Astana Arlans” jamoasi bilan kuch sinashdi. 

O‘zbekiston boks federatsiyasi va Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi (AIBA) hamkorligida tashkil etilgan mazkur turnirning bu yilgi bahslarida eng kuchli 12 jamoa uchta guruhga bo‘lingan holda o‘zaro kuch sinashmoqda. 

Mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida boks ham jadal taraqqiy etmoqda. 

O‘tgan yilgi mavsumdan buyon ushbu turnirda ishtirok etayotgan “Uzbek Tigers” jamoasi joriy yil "S" guruhida Xitoyning "China Dragons", Rossiyaning "Patriot boxing team" va Qozog‘istonning “Astana Arlans Kazakhstan” jamoalari bilan bahslashmoqda. 

– O‘zbekiston – sport, jumladan, boks jadal rivojlangan mamlakat, – dedi turnir supervayzeri Muhammad Mustahsoniy. – Bu yurtingiz sportchilarining nufuzli musobaqalarda erishayotgan natijalarida, mamlakatingizda yirik xalqaro sport anjumanlari yuqori saviyada tashkil etilayotganida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

...1-aprel kuni poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" sport majmuasida bo‘lib o‘tgan “Uzbek Tigers” va “Astana Arlans” jamoalari o‘rtasidagi bellashuv ham qiziqarli va murosasiz janglarga boy bo‘ldi. 

49 kilogramm vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov va Temirtas Jusupov, 56 kilogramm vazn toifasida Abdulhay Shorahmatov va Ilyos Suleymenov, 64 kilogramm vazn toifasida Elnur Abduraimov va Dilmurod Mijitov, 75 kilogramm vazn toifasida Isroil Madrimov va Saparbay Aydarov, vazni 91 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Zuhriddin Mahkamov va Anton Pinchuk o‘zaro kuch sinashdi.

Musobaqada “Uzbek Tigers” jamoasi 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. 

– Musobaqada g‘alaba qozonganimizdan xursandmiz, – deydi Elnur Abduraimov. – Bunday nufuzli sport anjumanlarida yuqori natijalarga erishayotganimiz mamlakatimizda yoshlarga, sportchilarga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik tufaylidir.