Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bokschilarimizning Bolgariyadagi g‘alabasi
11:43 / 2015-03-02

Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan an’anaviy “Stranja” xalqaro turnirida bokschilarimiz munosib ishtirok etib, 5 oltin, 3 kumush va 1 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan an’anaviy “Stranja” xalqaro turnirida bokschilarimiz munosib ishtirok etib, 5 oltin, 3 kumush va 1 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Turnirda o‘ttizdan ziyod davlatdan ikki yuz nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi. Musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida hamyurtimiz Abdulla Qo‘chqorov mezbonlar vakili Blagovest Kojuxarov, ukrainalik Dmitro Zamotayev, armanistonlik Artur Xovxannisyanni yengib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi uchrashuvda isroillik David Alaverdianni mag‘lubiyatga uchratgan bokschimiz turnir g‘olibi bo‘ldi.

Vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida ringga chiqqan Shahobiddin Zoirov finalda angliyalik Jek Beytson ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, 56 kilogramm vazn toifasida Murodjon Ahmadaliyev qozog‘istonlik Janbolat Tilegenuliga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Og‘irligi 91 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida Rustam To‘laganov ukrainalik Gevorg Manukyanni yengib, birinchi o‘rinni egalladi.

Boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Bektemir Meliqo‘ziyev muxlisu mutaxassislar ishonchini oqladi. Iqtidorli bokschimiz vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi hal qiluvchi musobaqada irlandiyalik Maykl Orayllini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Hamyurtlarimizdan Elshod Rasulov, Fazliddin G‘oyibnazarov va Bahodir Jalolov kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Isroil Madrimov bronza medalga loyiq topildi.

Xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.