Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tayotgan “Stranja” turnirida navbatdagi bellashuvlar o‘tkazildi. Unda o‘zbekistonlik 7 nafar charm qo‘lqop ustasi ringga ko‘tarildi va ulardan oltitasi navbatdagi bosqichga yo‘l oldi.
Aniqroq, aytadigan bo‘lsak, 76-marotaba tashkil etilayotgan ushbu nufuzli musobaqada Behruz Xoldorov -48 kg. vaznda bo‘lib o‘tgan jangda gruziyalik Saxil Alahverdovini 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Asilbek Jalilov esa -51 kg. vazn toifasidagi bellashuvlarda angliyalik Ellis Trovbridgeni 4:1 hisobda taslim qildi.
Turnirning -75 kg. vazndagi bellashuvlarida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Javohir Ummataliyev bu safar ozarbayjonlik Mirsharif Kazimzadaga hech qanday imkoniyat qoldirmagan bo‘lsa, Fazliddin Erkinboyev vazni -80 kg. bo‘lgan bokschilar orasida mezbonlar vakili Miroslav Dimitrovni 5:0 hisobida yengdi.
Shuningdek, Shahzod Muzaffarov -54 kg. vaznda ozarbayjonlik Amin Mammadzadaga qarshi jang o‘tkazdi va 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Xo‘janazar Nortojiyev kutilganidek -57 kg. vazndagi bellashuvlarda bolgariyalik Dimo Toniyevni qiyinchiliksiz mag‘lub etdi.
Afsuski, -54 kg. vaznda ishtirok etgan bokschimiz Hasanboy Do‘smatov fransiyalik Kristofer Hippokratega qarshi jangda 4:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Bugun, 28 fevral kungi janglarda vakillarimiz ishtirok etmaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA