Boks yoshlarimiz orasida eng ommalashgan sport turlaridan biri.
Mazkur sport turi bo‘yicha ulkan yutuqlarga erishilayotgani barchaga ma’lum.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda mamlakatimizda boksni yanada rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida sportchilarimiz xalqaro maydonlarda yuksak marralarni zabt etmoqda. Xususan, bugungi kunda o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari sport olamining barcha nufuzli musobaqalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Yakunlangan 2025 yil O‘zbekiston boksi uchun sermahsul natijalarga boy va xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilgan mavsum sifatida tarixda qoldi. Turli yosh toifalaridagi milliy terma jamoalarimiz yil davomida dunyoning turli qit’alarida o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, 110 ta oltin, 65 ta kumush, 71ta bronza jami 246 ta medal jamg‘argan holda o‘zbek bokschilari dunyo uzra hamon yetakchi ekanini yana bir bor namoyon qildi.

Jumladan, bokschilarimiz Rossiyaning Tambov shahrida o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro turnirda 10 ta oltin va 2 ta kumush, Ruminiyada tashkil etilgan “Dracula” xalqaro turnirida jamoamiz 3 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tgan “76-Strandja” xalqaro musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi 5 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal bilan o‘z ishtirokini yakunladi.
Shuningdek, Serbiyaning Nish shahrida ayollar o‘rtasida IBA tomonidan o‘tkazilgan jahon chempionatida 1 ta kumush va 3 ta bronza, Braziliyada “World Boxing” kubogi I bosqichida 5 oltin, 2 kumush va 1 bronza, Ostona mezbonlik qilgan World Boxing kubogi II bosqichida 1 ta oltin hamda 4 ta bronza medalga ega chiqqan charm qo‘lqop ustalarimiz, Hindistonda tashkil etilgan ushbu musobaqaning finalida 4 ta oltin, 5 ta kumush hamda 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Liverpul shahri mezbonlik qilgan jahon chempionatida mahoratli bokschilarimiz 6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medal bilan dunyoda tengi yo‘q ekanliklarini yana bir bor isbotladi.
Iordaniyada o‘tgan o‘smirlar va kichik o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida delegatsiyamiz 15 tadan oltin va kumush hamda 12 ta bronza medal bilan qit’ada mutlaq yetakchi ekanini yana bir bor barchaga ko‘rsatdi. Bangkokdagi U19 va U22 yosh toifasidagi Osiyo chempionatida 19 yoshgacha bo‘lgan bokschilarimiz 7 ta oltin, 3 tadan kumush va bronza, U22 yoshdagi charm qo‘lqop ustalarimiz esa 8 ta oltin, 6 ta kumush va 4 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, Boku shahridagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turnirida 2 ta oltin, 3 ta kumush va 7 ta bronza, Xabarovskdagi “Konstantin Korotkov” xotira turnirida 4 ta oltin, 5 ta kumush va 7 ta bronza, Varshavadagi “Feliks Stamm” xotira turnirida 6 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza, Bangkokdagi “Thailand Open” xalqaro musobaqasida 5 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza, Niderlandiyadagi “Eyndxoven kubogi”da 2 oltin va 1 kumush, Qirg‘izistondagi “Qirg‘iziston gavhari” o‘yinlarida (o‘smirlar) 7 ta oltin jamg‘ardi.
Turli yosh toifalaridagi boks terma jamoamiz kompleks musobaqalarda ham munosib ishtirok etdi.
Hususan, Ozarbayjon mezbonlik qilgan MDH o‘yinlarida (yoshlar)10 ta oltin, 5 tadan kumush va bronza, Bahrayndagi Yoshlar Osiyo o‘yinlarida 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronzaga ega chiqqan jamoamiz umumjamoa hisobida har ikkala musobaqada yaqqol peshqadam bo‘ldi.
“Riyod-2025” Islom birdamlik o‘yinlarida charm qo‘lqop ustalarimiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal bilan yurtimizga qaytdi.
Erkaklar o‘rtasida IBA tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan dunyo birinchiligini milliy terma jamoamiz 2 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan yakunladi.

Qayd etilgan ushbu natijalarga erishish o‘z o‘zidan bo‘lmasligi barchaga ma’lum.
Ushbu muvaffaqiyatlar zamirida O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan sportchilarning jismoniy, ruhiy holatini o‘rganish asosida terma jamoalarning zaxirasini shakllantirish, hududlardan iqtidorli yoshlarni izlab topish, seleksiya ishlarini yuksaltirish, istiqbolli yosh bokschilarning elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, yuqori natijalarga erishayotgan bokschilarni rag‘batlantirish, malakali murabbiylar tayyorlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro darajada malaka oshirishiga ko‘maklashish, ayollar boksini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar tizimli va reja asosida olib borilgani yotibdi.
Yil davomidagi keskin va murosasiz janglarda zafar quchgan bokschilarimiz jasorati, shijoatu matonati butun dunyoni lol qoldirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Zero, ularning bunday yuksak muvaffaqiyati mamlakatimizda sportga ulkan e’tibor qaratilayotgani, yosh sportchilarimizning yurt sha’nini yanada yuksaltirish niyatida har bir to‘siqdan mardonavor o‘tishi natijasidir.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA