Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bokschilarimiz Osiyoda ikkinchi
20:17 / 2015-09-05

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida sakkizta medalni qo‘lga kiritdi.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida sakkizta medalni qo‘lga kiritdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan boksni rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘zining yuksak samaralarini berayotir. O‘zbek boks maktabi vakillari sport olamining eng nufuzli musobaqalari – qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida muntazam g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib kelmoqda.

Bangkok shahri mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz a’zolari erishgan natijalar buning isbotidir. Mazkur nufuzli musobaqada qit’amizning eng kuchli bokschilari sovrinli o‘rinlar bilan birga joriy yilning 5-8-oktabr kunlari Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkaziladigan XVIII jahon chempionati yo‘llanmalari uchun ham bahslashdi. Jahon chempionatiga har bir vazn toifasida kuchli yettilikka kirgan bokschilar borishi mumkinligi bahslarning keskin va murosasiz o‘tishini ta’minladi.

Osiyo chempionatida Rustam Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari kuch va mahoratda qit’ada yetakchi jamoalardan ekanini isbotladi – o‘n nafar bokschimizdan sakkiz nafari g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bahslarda tajribali bokschimiz Hasanboy Do‘smatov qozog‘istonlik Temirtas Jusupov, yaponiyalik Tomoya Suboi, hindistonlik Laishram Devender Singxni yengib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi bahsda filippinlik Rogen Ladonga hech qanday imkoniyat qoldirmagan hamyurtimiz oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Terma jamoamizga yana bir oltin medalni vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar musobaqasida qatnashgan Bektemir Meliqo‘ziyev keltirdi. Boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi B.Meliqo‘ziyev kattalar o‘rtasidagi qit’a chempionatida ham o‘z mahoratini namoyish etdi. U dastlab Shri-Lanka vakili Senai Navaratxnani birinchi raunddayoq texnik nokautga uchratgan bo‘lsa, chorak finalda amaldagi jahon chempioni va Osiyo o‘yinlari g‘olibi, qozog‘istonlik Jonibek Alimxan uli, yarim finalda eronlik Sajad Mehrabiy, finalda hindistonlik Vikash Krishan ustidan g‘alaba qozonib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

G‘olib sportchilarimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangradi.

Finalgacha bo‘lgan janglarni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan Shahobiddin Zoirov, Murodjon Ahmadaliyev, Fazliddin G‘oibnazarov, Elshod Rasulov va Rustam To‘laganov o‘z vazn toifasida Osiyo chempionatining kumush medalini qo‘lga kiritdi. Yana bir bokschimiz Elnur Abduraimov esa bronza medal bilan taqdirlandi.

Osiyo chempionatining ikkita oltin, beshta kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.