Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bokschilarimiz Osiyo chempionatiga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda
09:49 / 2022-10-25

Qozog‘istonning Aksay shahrida 2007-2008 yillarda tug‘ilgan bokschilar o‘rtasida xalqaro “Do‘stlik kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.

Xalqaro turnirda Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston charm qo‘lqop ustalari bilan bahs olib borgan 6 nafar yosh bokschimiz musobaqa yakunida 3 ta oltin va 3 ta bronza medaliga musharraf bo‘ldi.  

Shiddatli janglarda Shahboz Ergashev (52), Hikmatullo O‘lmasov (60) va Akbar Ahmadov (63) oltin, Muhammadaziz Qo‘ldoshaliyev (50), Ibrohim G‘iyosov (52) va Murodilla Sunnatullayev (54) bronza medalini qo‘lga kiritdi.  

Qarshida poyoniga yetgan Qashqadaryo viloyati hokimi kubogida esa mezbonlar, Buxoro, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari hamda poytaxtlik bokschilar eng ko‘p sovrinli o‘rinlarga ega chiqishdi.  

Yana ikki yildan keyin Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rishda qit’a chempionatining ahamiyati beqiyos.  

Mazkur tamoyilga amalga qilgan bokschilarimiz joriy yilning 31 oktyabr — 13 noyabr kunlari Iordaniya poytaxti Amman shahrida boks bo‘yicha o‘tadigan Osiyo chempionatiga qizg‘in hozirlik ko‘rdi.  

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, murabbiylar Xuan Enrike Tissert, Xulio Li,  Rahmatjon Ro‘zioxunov, Hamza Avezov, Davron G‘ofurov va Xesus Morales yetakchiligidagi 13 nafar bokschimiz kecha Ammanga yo‘l oldi.  

Terma jamoa tarkibidan Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Hasanboy Do‘smatov, harbiylar o‘rtasida jahon chempioni Lazizbek Mullajonov, yoshlar Olimpiadasi sovrindori Abdumalik Xalakov, jahon chempionati sovrindori Madiyor Saidrahimov qatori Ruslan Abdullayev, Asilbek Jalilov, Shahzod Muzaffarov, Adhamjon Muhiddinov, Havasbek Asadullayev, Asadxo‘ja Mo‘ydinho‘jayev kabi iqtidorli yoshlarimiz ham joy olgan.  

Mamlakatimiz bokschilari 30 oktyabrga qadar Ammanda qit’a chempionatiga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini o‘tkazadi. Eslatib o‘tamiz, mazkur chempionatda Osiyoning 40 ga yaqin mamlakatidan terma jamoalar ishtirok etish uchun talabnomalarni taqdim etgan.  

Umidimiz, Qozog‘istonda 6 nafar yosh bokschi bilan qatnashib yuz foizlik natijaga erishgan o‘smirlarimizning yo‘li Ammanda davom etsin. 

To‘lqin Ro‘ziyev,  

O‘zA