Ozarbayjonda davom etayotgan III MDH o‘yinlarining bugungi boks bahslarida 10 nafar charm qo‘lqop ustamiz final jangida ishtirok etdi.
Ushbu bellashuvlarda Behruz Rohataliyev qirg‘izistonlik Erbol Barataxunovni, Bobomurod Boymirzayev tojikistonlik Akbarjon Abdulloyevni, Dilshod Ahmadjonov rossiyalik David Karababayevni, Oybekjon Abdurahimov rossiyalik Albert Kobzevni,Xurshidbek Jo‘rayev rossiyalik Roman Zaporojetsni yengdi va oltin medal bilan taqdirlandi.
O‘z vazn toifalarida O‘tkirbek Norqosimov, Azizbek Shokirjonov, Otabek Nurmuhammadov, Kamronbek Hamdamov va Farhodjon Bahodirov kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bekzod Ismoiljonov bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa charm qo‘lqop ustalarimiz uchinchi bor tashkil etilgan MDH o‘yinlarining erkaklar o‘rtasidagi boks bahslarida 5 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza medalini jamg‘ardi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha yosh bokschi qizlarimiz 5 ta oltin, 4 ta bronza medallari bilan umumjamoa hisobida 1 o‘rinni egallagan edi.
Ayni damda delegatsiyamiz hisobidagi medallar soni 18 ta oltin, 25 ta kumush va 47 ta bronzaga yetdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA