English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bokschi qizlarimiz mashg‘ulotlarga zo‘r bermoqda
16:26 / 2023-07-11

Xabaringiz bor, shu yil kuz mavsumida Xitoyning Xanchjou shahrida yilning eng muhim musobaqalaridan biri – Osiyo o‘yinlari o‘tkazilishi kutilmoqda. Shu kunlarda qit’a o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarimiz turli bosqichlarda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.

Osiyo o‘yinlarida munosib ishtirok etish maqsadida boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham jiddiy hozirlik ko‘rmoqda. Elshod Rasulov boshchiligidagi qizlarimiz muhim musobaqaga tayyorgarlikning navbatdagi bosqichini mamlakatimiz boks federatsiyasi tomonidan “Yangiobod” sport bazasida tashkil etilgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida o‘tkazmoqda.  

Boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi murabbiysi Elshod Rasulov bilan musobaqalarga tayyorgarlik jarayoni, oldindagi rejalar va terma jamoamiz qayd etayotgan natijalar haqida suhbatlashdik.  

– Xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini qanday o‘tmoqda va qaysi davlat terma jamoalari kelgan?    

– Bugungi kunda boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi “Yangiobod” sport bazasida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Yig‘inda Rossiya, Yaponiya va Vetnam terma jamoasi a’zolari shogirdlarim bilan birgalikda shug‘ullanmoqda. Mashg‘ulotlar mutaxassis va murabbiylar shtabi tomonidan belgilangan reja asosida ikki mahal o‘tmoqda. Yig‘in davomida bokschi qizlarimiz asosan texnik-taktik va jismoniy holatni bir maromda ushlab turuvchi mashqlar bajarmoqda.    

– Boks federatsiyasi tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz?    

– Sharoitlar a’lo darajada, barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Federatsiyamiz rahbariyati tomonidan, ayniqsa, ayollar boksiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Misol tariqasida aytsam, shu o‘tgan kunlar mobaynida ayollar terma jamoasi Hindiston, Qozog‘iston, Hitoy kabi bir qator davlatlarda xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini tashkillashtirdi. Hozir esa yurtimizda o‘tayotgan yig‘indamiz.  O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan, ayollar boksi rivojlanishi uchun federatsiyamiz mutasaddi rahbarlari kerak bo‘lgan barcha ishni ortig‘i bilan bajarmoqda. Jumladan, farmakologiya, vitaminlar, oziq-ovqat va sport formalari a’lo darajada yetkazib berilmoqda. Aytish mumkinki, qisqa vaqt ichida ayollar boksi bo‘yicha rivojlanishga erishildi. Bu esa, albatta, sportga qaratilayotgan katta e’tibor samarasidir.    

– Aytingchi, so‘nggi olti oy mobaynida terma jamoamiz a’zolari qanday natijaga erishdi?    

– Bu vaqt ichida boks bo‘yicha ayollar terma jamoamiz halqaro turnirlarda, qit’a va jahon birinchiliklarida jami 7 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Hali oldimizda Osiyo o‘yinlari va bir qator xalqaro turnirlar bor. Umid qilamanki, ushbu musobaqalarda natijalarimiz yanada ortadi.    

– Ushbu muvaffaqiyatlar siri nimada?    

– Shogirdlarim qayd etayotgan natijalar siri – mehnat, o‘ziga va g‘alabaga bo‘lgan ishonch hamda muntazam tashkil etilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida.  

Bugun O‘zbekiston sportchilari bir qator sport turlari bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda. Bu esa mamlakatimizda aholi o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasidir. Umid qilamizki, ayollar boksida ham sportchilarimiz yuksak marralarni zabt etadi.  

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA