Bir haftaga yaqin vaqt davomida muxlislarga boksning shiddatli janglar zavqini tortiq etgan o‘smirlar o‘rtasidagi mamlakat chempionatining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
E’tiborli jihati, ushbu yosh toifasidagi mamlakat birinchiligi kattalar va yoshlar o‘rtasidagi chempionatlar singari raqobati, shiddati, jozibasi, mahoratli yoshlarning o‘ziga xos taktik-texnik xatti-harakati bilan alohida ajralib turdi.
Murosasiz kechgan janglar muxlislaru va mutaxassislarga bir olam taassurotlarni tortiq etish asnosida hududlarda, alohida boks jamoalarida, oliy sport mahorati maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan murabbiylarning ish uslubiga baho bergani bilan ham katta ahamiyat kasb etdi.
O‘zbek boksining yangi chempionlar avlodini kashf etib bergan chempionat yakunlariga ko‘ra, 4 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Toshkent viloyati jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, chempionatning “Eng yaxshi jamoasi” nomiga musharraf bo‘ldi.
[gallery-27478]
Shuningdek, 4 ta oltin, 4 ta bronza medal jamg‘argan Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabi 2-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 2 ta oltin, 7 ta kumush, 3 ta bronza medaliga ega chiqqan Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi jamoasi kuchli uchlikni egalladi.
[gallery-27479]
An’anaga muvofiq chempionatning “Eng yaxshi bokschisi” ham aniqlandi va bu nominatsiya Toshkent viloyati vakili Asliddin Usubaliyevga nasib etdi.
Chempionatning “Eng yaxshi hakami” nomiga esa, janglarni adolatli olib borishda yuqori professionalligini namoyish etgan Asliddin Abdualimov sazovor bo‘ldi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
Alimurod Mamadaminov (surat), Mumtozbegim Abdumo‘minova (surat), O‘zA