French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boks: WBC Gran-prisida g‘alaba qozongan Tursunovning keyingi raqibi Ukraina vakili
11:56 / 2025-08-14

Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida boks bo‘yicha WBC Gran-prisining yakunlangan navbatdagi bosqichida hamyurtlarimizdan Mujibullo Tursunov g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Ayubxon Baxtiyorov ochkolar hisobida imkoniyatni boy berdi.

Kecha tunda o‘tkazilgan WBC Gran-prisining 1/4 finalida eng yengil vazn toifasida jang olib borayotgan hamyurtimiz Mujibillo Tursunov Meksika vakili Mishael Kabreraga qarshi ringga ko‘tarildi.

Shiddatli kechgan bellashuv to‘liq 6 raund davom etdi. Yakunda hakamlarning yakdil qarori bilan Tursunov 58:55, 57:56, 57:56 hisobida g‘alabaga erishdi.

Ushbu vazn toifasining ikkinchi juftligida ukrainalik Daniil Lozan qozog‘istonlik Sanatali Toltayevni ochkolar hisobida dog‘da qoldirib, Tursunov bilan yarim finalda ro‘baro‘ kelish huquqini qo‘lga kiritdi.

Biroq, Lozan-Toltayev jangida ukrainalik bokschi jarohat olganligi tufayli 30 kun mobaynida rasmiy musobaqalarda ishtirok etishi ta’qiqlandi.

Ammo, WBC Gran-prisining yarim final musobaqalari ikki oydan keyin oktyabrda o‘tkazilishini nazarda tutsak, yarim finaldagi Tursunov-Lozan uchrashuvi belgilangan tartibda tashkil etilishi mumkinligini anglatmoqda.

Yana bir bokschimiz Ayubxon Baxtiyorov ushbu turnirning 1/4 final jangida meksikalik Brendon Meyjiya bilan to‘qnash keldi. 6 raund davom etgan jangda hakamlarning yakdil qarori bilan meksikalik bokschi g‘alabasi e’tirof etildi.

Aytish lozim, “Riyadh Season” tizimida Saudiya Arabistonida o‘tkazib kelinayotgan “WBC Gran-pri” musobaqalari 4 ta vazn toifasida 41 ta mamlakatning 128 nafar charm qo‘lqop ustalarini jamlagan o‘ziga xos turnir sanaladi. Uning g‘olib va sovrindorlari dekabr oyi so‘nggida ma’lum bo‘ladi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA