Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boks: Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi
12:36 / 2023-03-25

Joriy yilning 30 aprel — 14 may kunlari mamlakatimiz poytaxti Toshkentda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi navbatdagi jahon chempionati o‘tkaziladi.

Jahon boks olamida o‘ziga xos voqelik bo‘lgan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil etish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.  

Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov va O‘zbekiston boks federatsiyasi raisi o‘rinbosari Saken Polatov ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda mazkur nufuzli musobaqani tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.  

Muhokamalar davomida O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan tayyorlangan taqdimot ko‘rib chiqildi.  

— Taqdimotda chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish borasida olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari, yurtimizga xorijiy mamlakatlardan keladigan sportchilar va delegatsiya a’zolarini kutib olish, ularni belgilangan xalqaro talablar asosidagi shart-sharoitlar bilan ta’minlash, chempionatning ochilish marosimi, g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash dasturlari bilan tanishildi, —deydi O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev.  

Yig‘ilishda sportchilar uchun ajratiladigan mashg‘ulot va musobaqa o‘tkaziladigan majmualar sifatini yana bir bor tekshiruvdan o‘tkazish va kamchiliklarni bartaraf etish borasida mutasaddilarga aniq vazifalar yuklandi.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA