Bugun, 16 may kuni Turkiyadagi “Bashakshexir” yoshlar sport markazida boks bo‘yicha ayollar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatining chorak final bashlari bo‘lib o‘tadi.
E’tiborlisi, chempionatda 10 nafar bokschi bilan qatnashayotgan O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi chorak finalga yetib keldi.
Bugun musobaqalarning sakkizinchi kunida yarim final ishtirokchilari aniqlanadi. Hamyurtlarimizdan 52 kilogramm vaznda Tursunoy Rahimova tailandlik Jutamas Jitpong bilan, 57 kg.da Sitora Turdibekova – Irma Testa (Italiya), 50 kg.da Aziza Yoqubova – Jiordana Sorrentino (Italiya), 66 kg.da Navbahor Hamidova – Busenaz Surmeneli (Turkiya) va +81 kilo og‘irlikdagi bokschi qizimiz Mohira Abdullayeva kongolik Chest Kanjinga qarshi jang o‘tkazadi. Bahslar kunning ikkinchi yarimida boshlanib, kechki paytgacha davom etadi.
Ta’kidlash lozim, jahon chempionatining finaliga 40 mamlakat vakillari yetib kelishdi. Hindiston va Turkiyaning 8 nafar, Qozog‘istonning 6 nafar, O‘zbekiston va Italiyaning 5 nafar, Irlandiya, Polsha va Ukrainaning 4 nafar, Avstraliya, Braziliya, Angliya, Serbiya va Tailandning 3 nafardan, Jazoir, Argentina, Bolgariya, Kanada, Xitoy Taypeyi, Kolumbiya, Gretsiya, Mo‘g‘uliston, Mozambik, Ruminiyaning 2 nafardan, Armaniston, Kabo Verde, Dominikan Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Fransiya, Keniya, Kosovo, Litva, Marokash, Niderlandiya, Panama, Filippin, Ispaniya, Tojikiston, AQSH, Venesuela va Xalqaro boks assotsiatsiyasi bayrog‘i ostida 1 nafardan bokschi qizlar bahslarni davom ettirishmoqda.
Ushbu holatni qit’alar miqyosida taqsimlaydigan bo‘lsak, Yevropaning 44, Osiyoning 28, Amerikaning 13, Afrikaning 8 hamda Okeaniyaning 3 nafar vakili jahon chempionati medallari uchun ringga ko‘tariladi.
Eslatib o‘tamiz, Hindiston, Qozog‘iston, Turkiya va Ukraina terma jamoalari to‘liq tarkib bilan, ya’ni 12 nafar sportchi bilan Istanbul janglarida ishtirokini boshlagan edi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA