Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boks: Ishonch tog‘larimiz hali mustahkam
11:07 / 2021-10-29

Belgradda davom etayotgan jahon chempionatining beshinchi kungi murosasiz musobaqalari boshlanmoqda.

Kutilgan va kutilmagan natijalari bilan ortda qolgan dastlabki to‘rt kunlik murakkab bahslar sarhisobi o‘zbekistonlik bokschilar uchun katta yo‘qotishlar bilan tarixga qoladigan bo‘ldi. Avvaliga Do‘smatovning Tokio olimpiadasida Qozog‘iston sport sha’nini munosib himoya qilgan Bobosinovga yo‘l berishi, 28 oktyabrdagi jang kechasida 57 kilogramm vazn toifasida Mirazizbek Mirzaxalilovning ilk bosqichda AQSHlik Jamal Xerliga 3:2 hisobida mag‘lub bo‘lishi istaklarimiz bilan imkoniyatlarimiz afsuski, u qadar mos emasligini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, iste’dodli yosh bokschimiz Shohjahon Abdullayev 86 kilogramm vaznda belgiyalik Viktor Shelstreyt bilan kechgan bahsda tajribasizligi oqibatida yutayotgan joyida imkoniyatni boy berdi. Ya’ni, ikki raund hisobi bo‘yicha oldinda borayotib, 2-raundning so‘nggi soniyasida nokautga uchradi.

Ammo hali umidlarimiz mustahkam, ishonch tog‘larimiz sobitlik bilan Serbiya ringlarida ishonchli g‘alabaga erishmoqda. Xususan, 75 kilogramm vaznda Saidjamshid Jafarov, 67 kilogrammda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev va +92 kilogramm og‘irlikdagi Lazizbek Mullajonovning har bir uchrashuvdagi shiddatli hatti-harakati jahon chempionatida O‘zbekistonning o‘z o‘rni va mavqei borligini ko‘rsatmoqda.

Bugun, 29 oktyabr kuni 4 nafar bokschimiz nufuzli musobaqadagi dastlabki bahslarini o‘tkazadi. 52 kilogramm vaznda Shahobiddin Zoirov asli rossiyalik, hozirda Serbiya sharafini himoya qilayotgan Tamir Galanov bilan jang o‘tkazadi. Aytish joizki, 32 yoshli Galanov 2017 yil Germaniyada o‘tgan jahon chempionatining bronza medali sohibi. 2019 yili antidoping qoidalarini buzganligi uchun ikki yil havaskor boksdan chetlatilgan.  

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Galanov har ikkala qo‘lda ham erkin harakat qilish imkoniyatiga ega. Nima bo‘lganda ham Zoirov va Galanov jangi qiziqarliligi bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortishi shubhasiz. Ushbu uchrashuv bugun Toshkent vaqti bilan 16.00 dan keyin bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Serbiya ringining biz uchun yana bir muhim jangi – 71 kilogramm vaznda Rio olimpiadasi sovrindori Shahram G‘iyosov va qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Mazkur bokschilar o‘rtasidagi jang xususida turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Aytilgan gaplardan holi tarzda qo‘shimcha qilish mumkinki, qozog‘istonlik bokschi joriy yil bahorida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Gubernator kubogi”ning yarim finalida hamyurtimiz Bobousmon Baturov bilan kechgan jangda ochkolar hisobida g‘oliblikka erishgandi. Bundan tashqari, Shimbergenovning ancha muddat professional boks mashg‘ulotlarida qatnashganligini va jang usuli G‘iyosovga “qulay”ligini inobatga olsak, Shahramning imkoniyati yuqori ekaniga shubha yo‘q. Boksda hamma narsa bo‘lishini unutmagan holda xamyurtimizning bugun kech soat 23:00 dan keyin bo‘ladigan jangini kutib qolamiz.

Shuningdek, bugun 92 kilogramm vaznda Chirchiq boks maktabi tarbiyalanuvchisi Madiyar Saidrahimov jahon chempionatidagi ilk qadamini bolgariyalik Vladislav Smaxlikauga qarshi bahs bilan boshlasa, 2018 yilgi yoshlar olimpiadasi g‘olibi Abdumalik Xalakov 60 kilogramm og‘irlikda Makedoniya terma jamoasi a’zosi Jasin Lyama bilan keyingi bosqich masalasini hal etadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, jahon chempionatini tark etayotgan kuchli bokschilar faqat o‘zbekistonliklar emas. Belgrad ringlarida dunyoning barcha davlatlari u yoki bu darajadagi ishongan sportchilaridan ayrilmoqda. Bugungacha chempionatni ilk bosqichdayoq to‘xtatganlar orasida nafaqat Kubaning, balki jahon havaskor boksining yulduzlari bo‘lgan uch karra jahon chempioni Lasaro Alvares va ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ronel Iglesias ham borki, Xasanboy va Mirazizbekning Serbiya ringlari bilan erta xayrlashishidan fojia yasamaslik kerak, nazarimda. Bu, boks, unda ham boshqa sport turlari kabi yutqazganlar va yutganlar albatta, bo‘ladi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA