Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Boks bahslari jurnalist yubileyiga bag‘ishlandi
17:22 / 2026-01-16

Jizzax shahrida sport va jurnalistika uyg‘unlashgan tadbir bo‘lib o‘tdi. “Premier” sport klubi zalidan o‘rin olgan ochiq boks turniri yosh sportchilar uchun mahorat maktabi bo‘lishi barobarida, o‘z umrini qalam va sport targ‘ibotiga bag‘ishlagan insonga yuksak ehtirom ifodasiga aylandi.

Musobaqa 2013–2016 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida tashkil etildi. Unda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yosh “charm qo‘lqop” ustalari, shuningdek, qo‘shni Tojikiston Respublikasidan tashrif buyurgan sportchilar ishtirok etishdi. 100 nafardan ortiq iqtidorli o‘smirlar 12 ta vazn toifasida g‘alaba uchun bahs olib borishdi.

Turnir “Jizzax haqiqati” — “Djizakskaya pravda” gazetalari bosh muharriri o‘rinbosari, sport sharhlovchisi sifatida keng jamoatchilikka tanish bo‘lgan Ulug‘bek Daminov sovrini uchun o‘tkazildi. Uzoq yillar davomida viloyatning bosh nashrida samarali faoliyat yuritgan ustoz jurnalist sport tadbirlarini, ayniqsa, boks musobaqalarini yuksak mahorat va samimiyat bilan yoritib kelgani bilan e’tirof etilgan. Uning 70 yoshlik yubileyi mazkur turnirga alohida ma’naviy mazmun bag‘ishladi.

Jizzax viloyati sport boshqarmasi, viloyat boks federatsiyasi hamda Sharof Rashidov tuman sport maktabi hamkorligida tashkil etilgan musobaqa boksni ommalashtirish, yoshlarni sportga keng jalb etish, iqtidorli o‘smirlarni saralab olish va kelgusida terma jamoa zaxirasini shakllantirishga qaratildi. Ringda kechgan har bir jangda iroda, intizom va g‘alabaga intilish yaqqol namoyon bo‘ldi.

Qizg‘in va murosasiz bahslar yakunida jizzaxlik sportchilar tayyorgarlik va faollik borasida ustunlikni qo‘lga kiritishib, oltin medallar sohibiga aylanishdi.  

G‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA