Nigeriyada “Boko Haram” terror tashkiloti 2014-yilning 14-aprelida qizlar maktabiga uyushtirilgan hujum chog‘ida jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan 82 nafar o‘quvchi qizni o‘n yildan beri asirlikda ushlab turibdi.
Hodisa Borno shtati markazi Mayduguridan 125 kilometr uzoqlikdagi Chibok shahrida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda jami 276 nafar o‘quvchi qiz o‘g‘irlab ketilgan. Ularning bir qismi Nigeriya armiyasi tomonidan olib borilgan amaliyotlar natijasida qutqarilgan bo‘lsa, ayrim o‘quvchi qizlar qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan.
Xalqaro Amnistiya ma’lumotlariga ko‘ra, 82 qiz hamon asirlikda qolmoqda.
O‘g‘irlangan qizlardan Saraning onasi Rebeka Samuel “Anadolu” axborot agentligiga bergan intervyusida barcha oilalar farzandlarining qaytishi umidida yashayotganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qizi haqida oxirgi marta 2018-yilda qutqarilgan o‘quvchi qizlardan eshitgan.
-Qizim hali tirik ekaniga ishonaman, buning uchun har kuni ibodat qilaman. Uning sog‘-omon qaytishiga shubham yo‘q, — deydi ayol.
Samuelning qayd etishicha, Nigeriya hukumati o‘g‘irlab ketilgan o‘quvchi qizlarni topishga harakat qilayotganini e’lon qilgan, biroq rasmiylar tomonidan ko‘rilgan choralar yetarli darajada emas.
O‘zA