Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi “TNA AGROINVEST” agroklasteri issiqxonasida yetishtirilayotgan pomidor tez kunda eksportga tayyor bo‘ladi.
Mazkur issiqxona energiya tejamkor, chiqindisiz faoliyat yuritishi va jahon standartiga mos ekologik toza mahsulot yetishtirishga mo‘ljallangan. Ushbu texnologiya nafaqat ekologik, balki hosildorligi yuqori ekani bilan ham ajralib turadi. Issiqxonaning ekin maydoni 3 gektar bo‘lib, kompyuterlashgan boshqaruv tizimi mavjud. Barcha uskunalar Gollandiya va Germaniya davlatlaridan keltirilgan.

Loyiha qiymati 5 million dollaridan ortiq bo‘lgan issiqxonada hozir 70 nafardan ortiq yosh kasb o‘rganib, mehnat qilmoqda. Ish davomida gollandiyalik yetuk mutaxassislar bo‘kalik yoshlarga soha sir-asrorlarini ham o‘rgatib borishyapti. Tez orada yoshlar yetishtirgan mahsulotlar Yevropa va MDH davlatlari bozor rastalarida bo‘ladi.
Issiqxonada sug‘orishning yangicha tizimi joriy qilingan bo‘lib, ortgan suv chuqur qayta ishlanadi. Bundan tashqari, hosil terish, tashish va boshqa barcha vazifalar elektr tokida harakatlanuvchi maxsus texnikada amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oynali issikxonaga uchun 4 millimetr qalinlikdagi qizdirilgan (kolennыy) oyna qo‘yilgan bo‘lib, yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 89-91 foizni tashkil qiladi. Bu tajriba odatdagi plyonkali issikxonalarga qaraganda yorug‘lik o‘tkazish qobiliyati yuqori hisoblanadi. Shuningdek, issiqxona ichidagi namlikni oson boshqarish mumkin.
A. Musayev, O‘zA