Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bo‘ka tumani zamonaviy qiyofaga kiradi
13:50 / 2026-02-04

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Bo‘ka tumanini “Taraqqiyot va yetakchilik maskani”ga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Unda Bo‘ka tuman hokimi S.Isoqulov va mas’ul mutaxassislar tomonidan atroflicha ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, tumanni kompleks rivojlantirish, sanoat zonasini tashkil etish, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, xizmat ko‘rsatish va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan aniq rejalar tuzilgan. 

Taqdim etilgan dasturga muvofiq, tumanda 11 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Natijada 1 ming 11 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilishi va 2 ming 210 nafar aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Buning uchun Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan byudjetdan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. 

Rivojlanish dasturi doirasida tuman markazini aholi yashashi va dam olishi uchun qulay, zamonaviy shahar muhitiga aylantirish, xizmat ko‘rsatish hamda turizm sohalarini rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish ustuvor vazifa etib belgilangan. 

Shuningdek, ichki yo‘llar, piyodalar va veloyo‘laklarni barpo etish orqali shahar harakatini yanada yaxshilash, aholi uchun xavfsiz va qulay muhitni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Uy-joy hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini “yashil tamoyillar” asosida qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash ham dasturning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 

Mazkur yo‘nalishlar doirasida tuman markazida aholi dam olishi uchun zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish majmualarini barpo etish, 9,2 gektar maydonda 29 ta ko‘p qavatli uy-joy, ko‘ngilochar markaz hamda savdo-xizmat ob’ektlari qurish uchun hududni to‘liq infratuzilma bilan ta’minlash rejalashtirilgan. 

Ishbilarmonlik uchun qulay muhit yaratish maqsadida sanoat zonalarini barpo etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, tuman hokimligi binosi oldidagi bo‘sh yer maydonida zamonaviy bog‘ tashkil etish, Qorasuv – Bo‘ka – Bekobod avtomobil yo‘lining tuman markazidan o‘tuvchi 1,5 kilometr qismini kengaytirish ishlari ham nazarda tutilgan. 

Taqdimot yakunida viloyat hokimi o‘z takliflarini bildirar ekan, ushbu loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, ajratiladigan byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish zarurligini alohida ta’kidladi. 

A.Musayev, O‘zA.