Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ayol xodimalar faoliyat yuritayotgan chegara bojxona postlarida xizmat intizomi va mehnat muhitiga oid muhim masalalarni atroflicha o‘rganish maqsadida profilaktik uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan, “Buxoro aeroporti” hamda “Olot” chegara bojxona postlarida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvlar davomida ayol xodimalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning xizmatdagi holati hamda intizomiy muhit atroflicha tahlil qilindi.
Tadbir chog‘ida chegara bojxona postlarida xizmat olib borayotgan ayol xodimalarning davlatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash borasidagi mas’uliyati, ularning bojxona qonunchiligiga amal qilishi va qonunbuzarliklarning oldini olishdagi faolligi alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, xodimalarning xizmat intizomiga rioya qilish, korrupsiyaga qarshi murosasiz bo‘lish va yuklatilgan vazifalarga sidqidildan yondashish lozimligi yuzasidan zaruriy tavsiyalar berildi. Uchrashuv davomida har bir xodimaning halollik, vatanparvarlik va mas’uliyat tuyg‘ulariga asoslangan faoliyati bugungi kundagi bojxona tizimi uchun naqadar muhim ekani ta’kidlandi.

Mazkur profilaktik tadbirlar tizimli tarzda davom etishi rejalashtirilgan bo‘lib, sog‘lom jamoaviy muhitni shakllantirish hamda gender tenglikni amalda ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.