Kitobxonlik azaliy qadriyatlarimiz va umuminsoniy fazilatlarni, ayniqsa, ajdodlarimiz merosini o‘sib kelayotgan yoshlarimiz qalbiga singdirishning eng samarali yo‘li ekanligini bugun hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida ma’naviy va ma’rifiy tadbirlar, kitob yarmarkalari o‘tkazib turiladi. Navbatdagi o‘tkazilgan kitob yarmarkasida sirdaryolik bojxona xodimlari, ularning oila a’zolari hamda boshqarmaga biriktirilgan Guliston shahridagi 9-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirok etdi. Kitob muxlislari o‘zlari uchun psixologik, detektiv, tarixiy hamda boshqa janrlardagi asarlar bilan birga, farzandlari uchun ham ezgulik va yaxshilik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan ko‘plab kitoblarni xarid qildi.


– Ziyolilar oilasida o‘sganim sabab, kitobni juda qadrlayman, – deydi bojxona boshqarmasi mas’ul xodimi, podpolkovnik A.G‘afforov. – Har safar kitob yarmarkasidan o‘zim va farzandlarim uchun yangi chop etilgan kitoblardan sotib olaman. Oilamiz bilan yangi kitoblarni mutolaa qilib undan ma’naviy bahra olamiz.
Bojxona boshqarmasi xodimlari tadbirda ishtirok etgan maktab o‘quvchilariga kitoblar sovg‘a qildi.


Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri