Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti xodimlari mamlakatimizda 8 ming 860 quti tamaki mahsuloti noqonuniy aylanishining oldini oldi.
Viloyat bojxona boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shni davlatdan “Ayritom” chegara bojxona posti orqali O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan yuk avtotransport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Hujjatlarda avtotransport vositasida kartoshka mahsuloti borligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, skaner tasvirlari ziyrak bojxona xodimlarida shubha uyg‘otdi. Yuk transport vositasining tirkamasi ochib ko‘rilganida kartoshka ortilgan qoplar ustiga qiymati 266 million so‘mlik 8 ming 860 quti sigaret mahsuloti borligi ma’lum bo‘ldi.

Amaldagi tartib bilan jismoniy shaxslarga xorijdan bojxona chegarasi orqali 200 donadan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi tamaki mahsulotini olib kirishga ruxsat etiladi.


Ayni paytda holat yuzasidan bojxona organlari tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri