Har yili 5 iyun – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunini nishonlash doirasida Birlashgan millatlar tashkiloti butun jahon miqyosida dolzarb bo‘lgan ekologik muammolar to‘g‘risida xalqaro jamoatchilikni xabardor etib, dunyo xalqlarini mavjud muammolarni bartaraf etishga chorlaydi.
Ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida tadbir o‘tkazilib, bugungi kunning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Ushbu sana munosabati bilan bir guruh bojxona xodimlari nufuzli Monreal bayonnomasi medallari va sertifikatlari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, tadbir doirasida ushbu yo‘nalishda faollik ko‘rsatayotgan tashkilotlar va ularning xodimlariga nufuzli Monreal bayonnomasi medallari va sertifikatlari topshirildi.
Tadbirda ishtirok etgan 8 nafar bojxona xodimi hamda ular faoliyat ko‘rsatayotgan boshqarma va bojxona postlariga mukofotlarni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda BMT Taraqqiyot dasturi doimiy vakili Matilda Dimovskalar topshirdi.
Ta’kidlash joizki, insoniyat oldida turgan ekologik xavflarning oldini olish maqsadida 1985 yilda Ozon qatlamini himoya qilish bo‘yicha Vena konvensiyasi qabul qilingan. 1987 yilning 16 sentyabrida esa Ozon qatlamini buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal bayonnomasi imzolangan.
Mamlakatimiz 1993 yilda ushbu konvensiya va Monreal bayonnomasiga qo‘shildi va mazkur bayonnoma bo‘yicha o‘z oldiga qo‘yilgan xalqaro majburiyatlarni muvaffaqiyatli tarzda bajarib kelayotganini ta’kidlash joiz.
Ayniqsa, ozon qatlamini yemiruvchi va global isishga ta’sir qiladigan ftorli moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashda bojxona organlarining ishtiroki alohida o‘rin tutadi.

Xususan, hozirga qadar bojxona organlari tomonidan ozon qatlamini yemiradigan 5,5 tonnadan ortiq gidroxlorftoruglerod (R-22), 608 dona silindrli konteyner va 214 ta turli uskunalar noqonuniy olib o‘tish chog‘ida to‘xtatib qolingan.
Sh. Mamaturopova, O‘zA