Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakillari tomonidan avtotransport vositasini noqonuniy tarzda o‘zlashtirib olgan fuqaroning jinoiy xatti-harakatiga chek qo‘yildi.
Jondor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro R.S tomonidan olib chiqib ketish majburiyati bilan Respublikamiz hududiga olib kirilgan “Neksiya” rusumli transport vositasi joriy yilning 24-mart kunida belgilangan tartibda olib chiqib ketilgan. Ammo shu fursat oralig‘ida ushbu avtomashinaning kuzov raqamlari qo‘lbola usulda kesib olingan. Xuddi shu rusumli boshqa avtomashinaga ko‘chirib o‘tkazilgan.
Huquq tartiboti idoralarini chalg‘itish maqsadida amalga oshirilgan ushbu jinoiy xatti-harakat natijasida fuqaro xorijiy davlatdan olib chiqib ketish sharti bilan olib kirgan avtomashinasining kuzov raqamlarini boshqa o‘xshash transport vositasiga ko‘chirib o‘tkazib, bojxona to‘lovlaridan qochishni maqsad qilgan.
IIB EKMning bergan xulosasida ham ushbu holat o‘z tasdig‘ini topdi. Holatga oydinlik kiritilgunga qadar umumiy qiymati 120 million so‘m deb baholanayotgan avtotransport vositasi vaqtincha saqlovga olingan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri