Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov “Bojxona-servis” davlat muassasasining hududiy bo‘limida sayyor o‘rganish ishlarini tashkil etdi. O‘rganish jarayonida muassasada saqlanayotgan tovar-moddiy boyliklarning holati, ularni saqlash sharoiti, hisob-kitob yuritilishi hamda realizatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish masalalari atroflicha tahlil qilindi.
Uchrashuv davomida tovarlarni samarali sotish, savdo hajmlarini oshirish, iqtisodiy samaradorlikka erishish hamda davlat daromadlarini ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilinib, mas’ul xodimlarga aniq vazifalar yuklatildi.

“Bojxona-servis” davlat muassasasining Buxoro hududiy bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari talablariga muvofiq, davlat daromadiga o‘tkazilgan tovarlarni realizatsiya qilish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Buxoro shahridagi “Buxoro savdo majmuasi” MCHJ hududidan ijaraga olingan savdo do‘koni orqali, “E-auksion-shop” elektron savdo platformasida e’lonlar joylashtirish yo‘li bilan, shuningdek, viloyatning tuman va shahar markazlarida tashkil etilayotgan yarmarkalar orqali tovarlarni aholiga taklif etish amaliyoti amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, uchrashuvda “Bojxona-servis” davlat muassasasi faoliyatini yanada kengaytirish va xizmatlar ko‘lamini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Olot” chegara bojxona postida elektron kod taqdim etish hajmini ko‘paytirish, TIF bojxona postlarida tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan deklaratsiyalash xizmatlari turlarini kengaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi hamda amaliy tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, kelgusida “Buxoro aeroporti” chegara bojxona postida fuqarolar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mobil qurilmalarni UZ IMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatini “Bojxona-servis” davlat muassasasi tomonidan joriy etish taklifi ham muhokama qilinib, mazkur tashabbusning aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishdagi ahamiyati qayd etildi.
Shuningdek, viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov yengil atletika yo‘nalishiga ixtisoslashgan “Sitora” sport majmuasida olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari bilan ham yaqindan tanishdi.

Ayni paytda majmuada umumiy qiymati 8 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida yengil atletika yugurish yo‘laklarini ikki qavatli sendvich tizimi asosida zamonaviy rezina qoplama bilan jihozlash, 1000 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy tribunani barpo etish, yangi sport zali qurish hamda 30 dona zamonaviy yoritish moslamalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Mazkur yangilanishlar sport majmuasining imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirib, uni nafaqat hududiy, balki respublika miqyosidagi sport musobaqalarini qabul qilishga mos zamonaviy inshootga aylantirishi ta’kidlandi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri