Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Salimjonov Sirdaryo tumanidagi “Eurasia Gaz Beton” korxonasida sayyor uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda bojxona tizimida joriy etilgan so‘nggi yangiliklar, jumladan, eksport-import jarayonlaridagi elektron xizmatlar, “Eksport uch qadamda” kabi mexanizmlar, shuningdek, amaldagi bojxona imtiyozlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Bunday amaliy uchrashuvlar ishlab chiqarish va eksport bilan shug‘ullanadigan korxonalar uchun juda muhim, – dedi korxona ish yurituvchisi Ma’ruf Muratov. – Ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyatda yuzaga kelayotgan ayrim muammolarni bevosita bojxona mutasaddilari bilan muhokama qilish, ulardan joyida maslahat olish, tushunmovchiliklarni bartaraf etish imkoni yaratildi. Shu boisdan ham, biz bunday muloqotlarga doim tayyormiz va uning davomiy bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Gazobeton mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxona o‘z faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha viloyatdagi yirik ishlab chiqarish sub’ektlaridan biri hisoblanadi. Korxonada Niderlandiyadan olib kelingan zamonaviy, yuqori texnologiyali asbob-uskunalar asosida yiliga 450 ming metr kub tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Bugungi kunda korxonada 160 nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon korxona 7,7 ming tonna gazobeton mahsulotini xorijga eksport qilgan. Asosiy eksport bozorlari sifatida qo‘shni davlatlar qayd etilgan.

Uchrashuvda tadbirkorlar eksport hujjatlarini rasmiylashtirish, logistika va bojxona orqali o‘tkazish tartiblari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Bojxona mas’ullari har bir masala bo‘yicha aniq tushuntirishlar berdi.

Shu tariqa, sayyor muloqot tadbirkorlar uchun nafaqat axborot va maslahat maydoni, balki samarali hamkorlik platformasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri