Mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash barobarida bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovar-moddiy boyliklarning bojxona nazoratini amalga oshirish, kontrafakt mahsulotlar kirib kelishining oldini olish, yurtimiz eksport salohiyatini oshirish va importni optimallashtirish borasida tadbirkorlik sub’ektlariga har tomonlama amaliy ko‘mak berish bo‘yicha bojxona organlari tomonidan o‘tgan bir oy davomida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning yanvar oyida o‘zining fiskal vazifalari doirasida bojxona to‘lovlaridan davlat byudjetiga 40,9 milliard so‘m miqdoridagi pul mablag‘i o‘tkazilishi ta’minlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 78 foizga ortgan.
Hukumat qarorlari asosida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilgan imtiyozlar doirasida boshqarma tomonidan hisobot davrida qariyb 18,5 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovidan imtiyoz va preferensiya qo‘llanilgan. Joriy yil yanvar oyida boshqarmaning xulosalariga asosan 7 ta tashkilotga jami 7,9 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlik sub’ektlarining og‘irini oson qilib, o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yib olishlarida ham aholiga yangi ish o‘rinlari yaratilishida alohida tirgak vazifasini bajarmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2023 yil yanvar oyida tovarlar tashqi savdo aylanmasi 37,5 million AQSH dollarini tashkil etdi. Shundan, 17,6 million AQSH dollari qiymatidagi tovar eksporti amalga oshirilgan bo‘lsa, import tovarlar ulushi esa 53 foizga teng bo‘ldi.
Hisobot davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi TIF va MED postlari orqali eksport qilingan tovarlarning asosiy salmog‘i plastmassadan yasalgan buyumlar, ip kalava, farmatsevtika, kimyo sanoati mahsulotlari, jun, mo‘yna, teri va ulardan yasalgan buyumlar, qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Tovarlar importida esa metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, texnologik asbob-uskunalar, yog‘och va taxta mahsulotlari, kimyo sanoati mahsulotlari, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va neft mahsulotlari, transport va uning ehtiyot qismlari yetakchilik qilmoqda.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Turkiya, Latviya, Birlashgan Qirollik va boshqa davlatlar bilan bilan o‘zaro savdo-sotiq munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. 2023 yilning yanvar oyi davomida boshqarmaning Masofaviy elektron deklaratsiyalash (MED) bojxona posti tomonidan jami 1 ming 360 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, ularning 60 foizi “yashil”, 31 foizi - “sariq” va atigi 9 foizi - “qizil” yo‘lak orqali rasmiylashtirilgan. Bu esa bojxona organlarida raqamlashtirish jarayonlari bilan bir qatorda amaliyotga joriy etilgan axborot tizimlarining samaradorligi ortishi natijasida halol faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining qo‘llab-quvvatlanishi, ularning vaqt va xarajatlarining iqtisod bo‘lishiga zamin yaratmoqda.
Ta’kidlash joizki, bojxona chegaralari orqali yaratilgan sharoitlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanib, davlat byudjetiga undiriladigan bojxona to‘lovlaridan “qochish” maqsadida qing‘ir yo‘llar bilan noqonuniy ravishda tovar moddiy boyliklarni, taqiqlangan ashyolarni bojxona chegaralari orqali olib o‘tishga urinayotgan “uddaburonlar” ham uchramoqda. Lekin, bu kabi barcha g‘ayriqonuniy harakatlarga tunu-kun sarhadlarimizda sergak bojxonachilarimiz tomonidan o‘z vaqtida chek qo‘yilmoqda.
Qoraqalpog‘istonlik bojxonachilar tomonidan joriy yilning birgina yanvar oyi davomida jami 27 ta holatda qiymati 637 million so‘mlik tovar moddiy boylik huquqbuzarlik ashyosi sifatida ushlab qolindi. Hisobot davrida jami qiymati 63,4 million so‘mlik 524 litr sifati kafolatlanmagan spirt va qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol ichimliklarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan miqdor jihatidan 332,9 litrga ko‘paygan. Shuningdek, giyohvand moddalar bilan bog‘liq 1 ta holatda 5,34 gr geroin giyohvandlik moddasi, kuchli ta’sir qiluvchi moddalardan 43 dona “regapen”, 24 flakon “Tropikamid” dori vositasi noqonuniy aylanmadan olindi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun bojxona xizmati organlarining faoliyati tadbirkorlik sub’ektlarining ishlab chiqarish hajmi va aholining doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlanganlik darajasining ortishida, shuningdek, yurtimiz hududiga kontrafakt mahsulotlari, giyohvandlik va psixotrop, o‘qotar qurollar, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarining sarhadlarimizdan kirib kelishining oldi olinib, xalqimizning farovon va osoyishta hayot kechirishida ham o‘z aksini topmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri