Tadbirkorlik sub’ektlari muammolarini o‘rganish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi va “Eksport uch qadamda” tizimi afzalliklarini targ‘ib qilish maqsadida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i N.Salimjonov rahbarligida tashkil etilgan ishchi guruh Guliston shahrida joylashgan “MMX PRO” MCHJda tadbirkorlar bilan sayyor uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish va eksportyor korxona vakillari ishtirok etdi.
Dastlab mas’ul xodimlar tomonidan “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimining mazmun-mohiyati va tovarlarni “Eksport uch qadamda” tizimi orqali rasmiylashtirish imkoniyatlari hamda vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risida tushuntirish berilib, mavzu qizg‘in muhokama qilindi va ushbu yo‘nalishlar yuzasidan tadbirkorlar o‘z takliflarini bildirishdi.
Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan respublikada meva-sabzavot, to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika mahsulotlari eksportini tartibga solish bo‘yicha bojxona sohasiga oid yangiliklar ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuv davomida mas’ullar tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik mavzusiga alohida to‘xtalib, ishtirokchilarning bojxona sohasiga oid savollariga javoblar berildi.
Korxona faoliyatini kengaytirish, qop mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha asbob-uskunalar olib kelish va eksport ko‘rsatkichlarini oshirish yuzasidan qonunchilikda belgilangan barcha amaliy yordamlar ko‘rsatilishi bo‘yicha kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida: 2024 yilning 5 oyi davomida boshqarma bo‘yicha jami 16 ta korxona tomonidan qiymati 26,1 mln. AQSH dollariga teng tovarlar “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirilib, qayta ishlash natijasida qiymati 33,5 mln. AQSH dollariga teng tayyor mahsulotlar eksport qilindi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri