Davlat bojxona qo‘mitasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvand vositalari savdosiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Toshkent viloyati Angren shahrida A.A ismli shaxs avvaldan kelishilgan giyohvandlik vositasining bir qismi, ya’ni 199,73 gramm “gashish” giyohvandlik vositasini shartli xaridorga 3 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng ushbu shaxsga xorijiy davlat fuqarosi tomonidan giyohvandlik vositasi uchun olinishi lozim bo‘lgan 3 ming AQSH dollarini Toshkent shahrida kutib turgan “D” ismli shaxsga yetkazib berishi haqida telefon orqali ko‘rsatma berilgach, tezkor tadbir Toshkent shahar Uchtepa tumanida davom ettirildi.
Ushbu tuman hududidagi kafelardan birining yoniga “Cobalt” rusumli avtotransport vositasini boshqarib kelgan fuqaro E.D. 3 ming AQSH dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.
Mazkur shaxsning avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida esa avtomashina saloni va yukxonasida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 1951 quti 17 xil turdagi dori vositalari borligi aniqlandi.
Jinoiy faoliyatni to‘liq fosh etish va avvaldan kelishilgan giyohvandlik vositasining qolgan qismini aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirildi.
Jinoiy guruh a’zolari tomonidan Angren shahridagi ko‘prik tagiga yashirib ketilgan 900,3 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi, X.J.ning ijarada yashab kelayotgan xonadonidan esa 328,65 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi hamda ishga aloqador boshqa ashyolar aniqlandi.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, yuqoridagi giyohvandlik vositalari qo‘shni davlatdan noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tilganligi hamda qonunga xilof tarzda pullash rejalashtirilganligi aniqlandi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, tezkor tadbirlar davomida 1 kilogramm 428,68 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi hamda 4,21 gramm “Kannabis” urug‘i ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.
O‘zA