Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxonachilar olimlar va avtomobilsozlar huzurida
08:10 / 2024-06-23

Tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishish, sohada yaratib berilayotgan qulayliklar bilan ularni tanishtirish maqsadida Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi vakillari zamonaviy avtomobillar ishlab chiqariladigan “ADM-Jizzax” MCHJda bo‘ldi.

Yillik ishlab chiqarish quvvati 100 mingtani tashkil etuvchi mazkur korxonada hozir “KIA”, “Chery”, “Renault”, “Lada” “KIA Sonet” va boshqa 10 xil rusumdagi  yengil avtomobillar yig‘ilmoqda. Aytish kerakki, ushbu mashinalar yuqori sifati, zamonaviy dizayni, shinamligi va qulayligi bilan xaridorlarga juda ma’qul kelayotir.

Uchrashuv davomida Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i, bojxona xizmati podpolkovnigi Farhod Artiqov, bojxona mas’ullari korxonaga berilayotgan imtiyozlar, qolaversa, qabul qilinayotgan yangi me’yoriy hujjatlar va ularning tadbirkorlar uchun afzalliklari xususida tushunchalar berdi. Korxona vakillarining soha yuzasidan taklif va fikrlari tinglandi.

Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i rahbarligidagi vakillar Jizzax politexnika institutida ham bo‘lib, u yerda bunyod etilgan muqobil energiyalarni tatqiq etish ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.  

Davlatimiz rahbari Jizzax politexnika institutida quyosh panellarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihani ma’qullab, uni amalga oshirish uchun Bojxona qo‘mitasi tomonidan homiylik asosida 5 milliard so‘m miqdorida pul mablag‘i ajratgan edi. Bugungi kunda institutga Xitoy Xalq Respublikasining “Wuhan Ooitech Trading Co., Ltd” kompaniyasidan umumiy qiymati 348 ming AQSH dollari bo‘lgan uskunalar olib kelinib, Yoshlar texnoparki maxsus binosiga o‘rnatildi.  

Dastlabki ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida hamkor kompaniyadan umumiy qiymati 65 ming AQSH dollariga teng, umumiy quvvati 300 kVt bo‘lgan 600 dona quyosh paneli ishlab chiqarish uchun yetarli xomashyolar olib kelindi.

Viloyat bojxona boshqarmasi vakillari o‘quv maskanidagi quyosh panellarini ishlab chiqarish, laboratoriya va mahsulotlarni testdan o‘tkazish jarayoni, shu bilan birga institut hududida o‘rnatilgan quyosh panellari holati bilan ham atroflicha tanishdi.  

Bundan tashqari, institutning bosh o‘quv binosi avtoturargohiga 200 kVt.lik, 2-o‘quv binosi hududiga 100 kVt.lik, 3-o‘quv binosi tom qismiga 150 kVt.lik hamda talabalar turarjoyi tom qismiga esa 100 kVt.lik, jami 550 kVtlik quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, buning natijasida yillik iqtisod 275 mingkVt/soat bo‘lishi kutilmoqda. Qolaversa, talabalar turar joyi tom qismiga 10 ta, quvvati 2000 litrlik quyosh suv isitish tizimlari ham o‘rnatilgan.

<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/hBHDEROGPRs" title="Bojxonachilar  olimlar va avtomobilsozlar huzurida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Uchrashuv va muloqotda bojxonachilar tomonidan zarur tavsiya va  maslahatlar berildi.  

A.Qayumov, J.Yorbekov (video, surat),

O‘zA muxbirlari