Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilgan korxonalar faoliyatini o‘rganish, ularning ish jarayonida uchrayotgan muammolarini joyida hal etish hamda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tizimli ravishda sayyor uchrashuvlar tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur ishlar doirasida Kogon tumanida joylashgan “XIANGYANG GROUP” xorijiy korxonasi faoliyati Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov tomonidan o‘rganildi.

“G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi hisoblangan ushbu korxona Xitoy Xalq Respublikasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilgan 15 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, gofra qog‘oz hamda turli xil karton mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona faoliyati mahalliy bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash barobarida eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Dastlabki o‘rganishlar jarayonida xomashyoni asosan import qiluvchi korxona vakillariga “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimining mazmun-mohiyati va afzalliklari atroflicha tushuntirilib, undan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berilgan edi. Bugungi kunda mazkur bojxona rejimi amaliyotga tatbiq etilgan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlash, ortiqcha sarf-xarajatlar va vaqt yo‘qotishlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon korxona tomonidan qiymati 50 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan 45 tonna tayyor karton mahsulotlari Tojikiston Respublikasiga eksport qilingan. Bu esa korxonaning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, uchrashuv davomida korxona vakillariga “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi doirasida amal qilinishi lozim bo‘lgan tartib-taomillar, mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish, eksport jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarning oldini olish hamda qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etish yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA