Bojxonachilar hushyorligi ish berdi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona postida yuk kuzatuv hujjatlari orqali bojxona xodimlarini chalg‘itishga bo‘lgan yana bir urinish bartaraf etildi.
Xorijiy yo‘nalishda harakatlanib “Olot” chegara bojxona postiga kirib kelgan yuk avtomashinasi tegishli bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, yuk avtomashinasining rentgen tasvirlari va bojxona yuk deklaratsiyasida aniqlangan tafovut, bojxona ko‘rigidan o‘tkazishni taqozo etdi.
Gumonlarga oydinlik kiritish maqsadida amalga oshirilgan bojxona ko‘rigida yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgandan qariyb 3 tonnaga ortiqcha bo‘lgan avtomat kir yuvish kukuni tovarlari borligi aniqlandi.
Ayni vaqtda umumiy qiymati 135 million so‘mni tashkil etuvchi mazkur tovarlar vaqtincha saqlovga olingan.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.