Mamlakatimizda mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanib, hududlarning eksport salohiyatini oshirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etib, jahon bozorida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga bojxona organlari ham munosib ulush qo‘shib, joylarda barpo etilayotgan yirik loyihalarni atroflicha o‘rganmoqda. Xorij investitsiyasini jalb etish va samarali o‘zlashtirilishini ta’minlashni muvofiqlashtirib, ularga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

Surxondaryo viloyatidagi “Bandixon Agroklaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining xorij sarmoyasi ishtirokidagi ip-kalava ishlab chiqarish va to‘qimachilik fabrikasi tumandagi yirik loyihalardan biri. Bu yerda xorijlik hamkorlar bilan qiymati 188,7 milliard so‘mlik sun’iy tola va paxta tolasi aralashmasidan ip-kalava ishlab chiqarish hamda to‘qimachilik fabrikasi tashkil etilgan. 600 kishining bandligi ta’miinlangan.

Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari X.Xolbayev Bandixon tumanida bo‘lib, mazkur korxona bilan yaqindan tanishdi. Zamonaviy texnologiyalarni ko‘zdan kechirib, ishlab chiqarish quvvati va eksport salohiyatini oshirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi.

O‘tgan yili korxona xorijdan qiymati 11,5 million dollarlik zamonaviy to‘qimachilik uskunalarini olib kelib o‘rnatdi. Texnologiyalar soddalashtirilgan va tezkor tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib, bojxona organlari qonunchilik doirasida barcha zarur yordamni ko‘rsatdi. Yangi korxonaga 16,8 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyoz qo‘llanildi. Bu esa loyiha xarajatlarini sezilarli kamaytirib, ishlab chiqarish jarayonining erta boshlanishiga imkoniyat yaratdi. Natijada o‘tgan yili korxona Pokiston va Rossiya davlatlariga qiymati 401,8 ming dollarga teng 184 tonnadan ortiq ip-kalava mahsulotini eksport qildi. Dastlabki yildan mahsulot sifati va raqobatbardoshligini ko‘rsatib, xalqaro bozordagi ishonchli hamkorlikni mustahkamladi. Jumladan, yakunlangan yilning iyun oyida zamonaviy korxona yana bir muhim ishga qo‘l urdi. Qiymati 83,8 ming dollarlik 76,2 tonna poliester qisqa tolali xomashyo mahsulotini “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga rasmiylashtirdi. Ayni paytda bu mahsulotni Xitoy va Turkiyadagi buyurtmachilariga jo‘natishga hozirlik ko‘rmoqda.

Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari X.Xolbayev korxona bilan yaqindan tanishish jarayonida mutasaddilarning ishlab chiqarish quvvati va eksport salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha reja va takliflarini tingladi. Jahon bozorida xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish yuzasidan tavsiyalarini bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri