Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bojxonachilar eksportchilar bilan uchrashishdi
11:44 / 2025-06-15

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan Jizzax shahrida faoliyat olib borayotgan “Agro-Gumush” mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) shaklidagi qo‘shma korxonada sayyor uchrashuv tashkil etildi.

Ushbu korxona kovul (kovrak) mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshirilmoqda.

Viloyat bojxonasi mas’ullar tomonidan korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, eksport salohiyati hamda mavjud infratuzilma imkoniyatlari, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar atroflicha o‘rganildi.  

Ayni paytda qo‘shma korxonada 60 nafarga yaqin mahalliy aholi daromadli doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning faol mehnat qilishlari va dam olishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ishchi xizmatchilarning asosiy e’tibori sifatli mahsulot eksportini talab darajasida ijro etishga qaratilgan.

O‘tgan 2024 yil mobaynida “Agro-Gumush” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 1 million 600 ming AQSH dollariga teng mahsulot xorijiy davlatlarga eksport qilinganini ham shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joiz.  

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa korxona 160 ming AQSH dollari miqdoridagi qayta ishlangan kovul mahsulotlarini asosan Turkiya va boshqa Yevropa davlatlariga eksport qildi.

Uchrashuv so‘ngida bojxonachilar hamda korxonaning rahbar va mas’ullari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Suhbat jarayonida bojxona mas’ullari tomonidan mahsulot eksportida bojxona talablari va shartlaridagi yengilliklar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar hamda korxonaning eksport salohiyatini yanada oshirish yuzasidan atroflicha takliflar berildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari