Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida “Sen kuchlisan” loyihasi doirasida onkogematologik kasalliklarga chalingan bir guruh bemor bolajonlar va ularning ota-onalari uchun xayriya tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Respublika ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi onko-gematologik kasalliklar bo‘limida leykoz, gemofiliya, limfoma, aplastik anemiya kabi tashxislar bilan davolanayotgan 20 nafarga yaqin bolajon ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan boshqarma boshlig‘i Z.Turdaliyev bolajonlarga “Sen kuchlisan” shiori ostida hamisha har qanday dardni yengib o‘tishda mustahkam iroda tilab, mamlakatimizda bolalar sihat-salomatligini asrash yo‘lida olib borilayotgan ezgu harakatlar albatta samara berishini, bugungi tadbir esa ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini oshirishi, dardiga biroz bo‘lsa ham malham bo‘lishini ta’kidladi.
Bojxona boshqarmasiga sayohatini Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan bojxona postlarining joylashuv xaritasini tomosha qilish bilan boshlagan bolalar, bojxona organlarining nazorat-texnik vositalari, ularni qo‘llash tartibi bilan ham yaqindan tanishdi. Boshqarma hovlisida ochiq osmon ostida xizmat itlarining ko‘rgazmali chiqishlari bolalarda katta taassurot qoldirdi. Kichik inspektor-kinologlar tomonidan o‘quv mashqlarining olib borilishi, taqiqlangan ashyolarning yashirilgan joylari xizmat itlari tomonidan sergaklik bilan topilish jarayonlari kichkintoylarning ko‘zlarida hayrat uchqunlari porlashiga sabab bo‘ldi.
Bolajonlar xizmat itlari bilan o‘ynab, birga rasmga ham tushishdi. Sirk tomoshalarining namoyish etilishi, multfilm qahramonlarining raqs guldastalari bolalarga xushkayfiyat in’om etdi. Tadbir yakunida bolalarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri