Surxondaryo viloyatida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda buyuk shoir, sarkarda va davlat arbobi xotirasi yod etilib, chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Sana munosabati bilan viloyat bojxona boshqarmasida tashkil etilgan tadbirga boshqarmaga biriktirilgan Termiz shahridagi 18-maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari ham taklif etildi.


Tadbirda Bobur o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda sifatida tarixdan chuqur o‘rin olgani qayd etildi. Ulug‘ siymoning hayoti va ijodi haqida so‘z yuritilib, jahon adabiyotining nodir merosiga aylangan “Boburnoma” asari va g‘azallarining ma’naviy qadriyatlarimizni mustahkamlash, yosh avlod ongu shuuriga milliy o‘zligimizni singdirish hamda ularni jasorat, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati xususida fikr almashildi. Maktab o‘quvchilarining sahna ko‘rinishlari, ifodali o‘qilgan g‘azallari va kuy-qo‘shiqlari barchada boy taassurot uyg‘otdi.


Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda faol ishtirok etgan o‘qituvchi va o‘quvchilarga viloyat bojxona boshqarmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA